Amerikada prezidentlikka demokrat nomzod Hillari Klinton 15-sentabr kuni saylov kampaniyasiga qaytdi. U bir necha kun oldin pnevmoniya, zotiljam kasali bilan og'rib qolgan edi.
68 yoshli Klinton yakshanba kuni Nyu-York shahrida 11-sentabr fojeasini xotirlash marosimini erta tark etgan, matbuotda uning arang oyoqda turganini tasvirlovchi videolar paydo bo'lgan edi.
Klintonning shifokorlariga ko'ra, sobiq davlat kotibasi dori-darmon ichib, dam olib o'ziga kelmoqda.
Mazkur voqea Klintonning salomatligi atrofida bahslarni avj oldirdi. Uning raqibi Donald Tramp bosh qo'mondon bo'lish uchun Klintonda kuch-quvvat yetmasligini aytib keladi.
"Bilmasam. Hillari Klinton bir soat tikka turib, ishini bajara oladi deb o'ylaysizmi? Mening bunga ko'zim yetmaydi", - deydi Tramp.
Ayni paytda Trampning salomatligi haqida ham savollar ko'paygan. Undan tibbiyot tarixini jamoatchilikka oshkor qilish so'ralmoqda. Respublikachi nomzod bunga javoban salomatligiga doir bir sahifalik bayonot e'lon qilgan.
70 yoshli Donald Tramp organizmida xolesterin ko'pligi bois dori ichib yuradi. Uning saylov kampaniyasi vakillari yana ham batafsil ma'lumot berishi kutilmoqda.