O’tgan hafta AQShning bir necha shtatida bo’lib o’tgan partiyaviy yig’inlarda aksariyat respublikachilar Donald Tramp, demokratlar esa Xillari Klintonni 8-noyabr prezident saylovlarida partiyadan yagona nomzod bo’lishiga ovoz berdi. Ikki arbob hozirdan bir-birini nishonga ola boshlagan.
Prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan yetakchi nomzod Donald Tramp so’nggi g’alabasini tarafdorlari bilan birgalikda Floridadagi o’ziga tegishli hashamatli bir kurortda nishonladi.
Tramp, shuningdek, demokratlardan asosiy nomzod Xillari Klintonni tanqid qilishga kirishib, Instagram ijtimoiy tarmog’ida unga qarshi reklama chiqardi.
So’nggi g’alabalaridan ilhomlangan tadbirkor, shuningdek, respublikachilarni birlashtirishga urinmoqda.
“Partiyamizni birlashtirishimiz kerak. Hozirgi voqealar tarixiy ahamiyatga ega, Respublikachilar partiyasi butun dunyo e’tiborini o’ziga tortmoqda”, - deydi u.
Trampning partiyadoshlari orasida ikki arbob – senator Ted Kruz va Ogayo shtati gubernatori Jon Keysik - prezident bo’lish umididan voz kechganicha yo’q. Keysikning Ogayoda 15-martda erishgan g’alabasi uning kampaniyasiga yangi turtki berdi.
Trampning partiyani birlashtirish istagi osonlikcha ro’yobga chiqmaydi, deydi siyosatshunos Jon Fortye.
“Agar partiya rahbariyati uning yagona nomzod bo’lish da’vosini tan olsa, ayrimlar Trampga moslashishga harakat qiladi, boshqalar esa yo’q. Ammo partiyani birlashtirish an’anaviy saylovoldi jarayonga qaraganda qiyinroq kechadi”, - deydi tahlilchi.
Klintonning so’nggi g’alabalari, ayniqsa Florida va Ogayodagi yutug’i, e’tiborni Trampga qaratishga imkon bermoqda.
"Prezidentlikka nomzodning 12 million immigrantni hamda musulmonlarni AQShga kiritmaslik kerak, degan so’zlarini eshitdik. Uning qiynoqlarni oqlaganiga guvoh bo’ldik. Bu uning nomzod sifatida kuchidan dalolat bermaydi, aksincha fikrlarining noto’g’ri ekani dalolatidir”, - dedi Klinton Tramp haqida.
Klintonning g’alabalari Trampga respublikachilarni birlashtirishga imkon beradi, deydi Amerika universitetidan Alan Lixtman.
“Aksariyat respublikachilar chin dildan bo’lmasa-da, Trampni qo’llab-quvvatlaydi. Bu ularga Tramp ma’qul degani emas, ular shunchaki Klintonni yomon ko’radi. Demak, Klinton Respublikachilar partiyasini vaqtincha bo’lsa-da birlashtira oladigan yagona omil”, - deydi siyosatshunos.
Har ikkala partiya yagona nomzodni iyul oyida bo’lib o’tadigan milliy syezdda tanlaydi. Biroq hozirdanoq poyganing so’nggi bosqichida Klinton va Trampning bellashishi oydinlashmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5