1632-yilda asos solingan bu joy Amerikadagi ilk aholi punktlaridan biri bo'lgan. Ingliz mustamlakachilar bunyod etgan bu yerni.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Virjiniya shtatining Vilyamsburg (Williamsburg, Virginia) degan shahriga borgan odam o'zini bir necha asr oldingi davrga tushib qolgandek his qiladi.
1632-yilda asos solingan bu joy Amerikadagi ilk aholi punktlaridan biri bo'lgan. Ingliz mustamlakachilar bunyod etgan bu yerni. Shahar inqilobga yetaklagan voqealar markazi bo'lgan. Bugun bu yerda 16 mingga yaqin odam yashaydi. Turizm asosiy daromad manbai. Har yili to'rt milliondan oshiq sayyoh kelib ketadi.
Bu yerni oddiy qilib “Kolonial Vilyamsburg” deb atashadi. Manzara 17-asrning boshlariga xos. Amerika mustamlakachilar ostida bo’lgan, mustaqillikdan oldingi davrni eslatadi.
Qo’shma Shtatlarning turli burchaklaridan, qolaversa, butun dunyodan kelgan qiziquvchan insonlar tarixga sayohat qiladi. Atrof, odamlar, ularning liboslari, tarixiy voqealarni aks ettiruvchi ochiq spektakl va tomoshalar orqali omma Amerika o’tmishi haqida saboq oladi.
17-asrlardagi muhim o’zgarishlar, 18-asrda mustaqillik uchun kechgan kurash, inqilobga yetaklagan voqealar… Yangi davlat barpo etish kerak deb chiqqanlarning aksariyati shu yerdan turib ma’ruzalar o’qigan va ularning bayonotlari og’izdan-og’izga, qog’ozdan qog’ozga o’tib, hatto Yevropaga yetib borgan. Yangi dunyoda yangicha fikrlaydigan insonlar ko’p edi. Nafaqat oq tanli zodagonlar va mehnatkashlar, balki ezilgan, qullikka mahkum etilgan qora tanlilar orasida ham.
Vilyamsburg bu zaminda qad ko’targan birinchi shaharlardan. Virjiniya ingliz mustamlakasining asosi bo’lgan bo’lsa, Vilyamsburg uning markazi bo’lgan, madaniy, iqtisodiy va siyosiy. Keyinchalik Richmond bu shtatning poytaxtiga aylangan.
Vilyamsburgning yuragi bu Vilyam va Meri nomli kollej (College of William and Mary). 1693-yilda ochilgan. Nomi ham o'sha paytdagi ingliz hukmdorlariga borib taqaladi. Garvard Universitetidan keyingi ikkinchi eng keksa oliygoh. Amerikaning uch prezidenti bu yerni bitirgan, jumladan AQSh asoschilaridan biri Tomas Jefferson.
19-asrda Amerikaga rahbarlik qilgan Jeyms Monro va Jon Tayler ham bu yerda ta’lim olgan. 1776-yilda Mustaqillik deklaratsiyasiga imzo chekkan arboblardan 16 nafari bu kollejning bitiruvchilari bo’lgan.
Davlat oliygohi. Aniq va gumanitar fanlar bo’yicha ta’lim reytinglarida yetakchi o’rinda. Bugun 7000 dan oshiq talaba bor; bakalavrlik, magistratura va doktorlik unvonlari uchun o’qiydi. Kollejning yillik byudjeti qariyb 650 million dollar.
Vilyamsburg meri Klayd Xolman (Clyde Haulman) bu kollejda iqtisoddan dars beradi. Tarix shaharni boqadi, odamlar o’tmishi bilan faxrlanadi va undan olingan saboqlardan minnatdor, deydi janob Xolman, bizga shaharning ajib jihatlari haqida aytib berar ekan.
"Shahrimiz hajm jihatdan kichik bo’lishi mumkin, ammo katta shaharga xos xususiyatlarga ega. Tarixni e’zozlaymiz, lekin zamon bilan yonma-yon yashaymiz. Aholimizning yarmi talabalar, yoshlar. Sharoit, madaniyat va texnologiya bobida oldinda yurishni istaymiz. Kichik shaharning o’ziga xosligi shundaki, ishga piyoda borasiz. Bozorga piyoda borasiz. Mahalla-kuy, jamoatchilik bir-birini taniydi. Aksariyat amerikaliklar mashinada yuradi, bizda esa 90 foiz odam piyoda. Har jihatdan foyda bu”,- deydi mer.
“Turizm iqtisodiyot ustuni. Lekin oliy ta’limdan ham daromad yomon emas. Vilyam va Meri kolleji aholining katta qismini ish bilan ta’minlaydi. Turizm sohasini yuritadiganlarning ko’pi ham yoshlar va nafaqaga chiqqan ko’ngillilar”,- deydi suhbatdosh.
Klayd Xolman bilan gaplashib, uni Amerikaning eng boy shaharlaridan birini boshqarayotgan inson demaysiz. Kamtarin, o’zi aytganidek, ishga va bozorga piyoda borib keladigan otaxon. Dunyoning ko’plab qismlarida hokim bilan ko’rishish noyob imkoniyat. Xolman esa hamisha odamlar orasida. Soqchi yoki haydovchi nima ekanini bilmaydi.
“Xalqqa xizmat qilish oson emas. Siyosatchiman deb ko’ksimizga urganimiz bilan ishni eplolmasak, nima foyda. Ishim – shahrimiz tinch va farovon yashashini ta’minlash. Odam nimadan norozi? Mahalliy matbuot va axborot vositalari buni yoritadi. Ular orqali men ham fuqarolar bilan aloqadaman. Qolaversa, ko’cha-ko’yda hech kim shikoyatini yashirmaydi. Qo’lim ostida o’z ishini yaxshi biladigan, mas’uliyatli odamlar ishlaydi. Shuni ta’minlab qo’yganmiz. Demokratiya shunday narsaki, uning ustida tinimsiz ishlash kerak. Xalq dardini eshitib, muammo yechimini topib, uni ko’pchilik istaganidek qilib amalga oshirish, hammaning fikrini tinglab, fuqaroni rozi qilish uchun avvalo jamoatchilik bilan aloqani yo’lga qo’yish kerak, toki oddiy odamlar ham gapira olsin, muammo mana bu yerda deb ayta olsin. Doimiy muhokama, mushohada, bahs-tortishuvlar haqida gap ketmoqda. Oshkoralik bu. Ularsiz demokratiya bo’lmaydi. Murakkab, lekin qilsa bo’ladi”,- deydi mer.
Xo’sh, Vilyamsburgdek sokin va to’q bir shahar ahli tashqi dunyo haqida qanchalik biladi? Amerika hukumatining tashqi siyosatini qanchalik kuzatadi va o’z fikrini bildiradi? Masalan, Suriyadagi ahvol va Obama ma’muriyati olg’a surayotgan choralar xususida biladimi, ularni tushunadimi?
“Vilyam va Meri kollejidek yirik va yetuk oliygohimiz hamda rivojlangan turizm orqali biz global hayot bilan yaqindan xabardormiz. Qayerlardan kelishmaydi bu yerga? Amerika va uning demokratiyasi boshlangan joymiz. Aholi ziyoli va faol. Hatto nafaqadagi fuqarolarimiz ham siyosiy ma’ruza va davra suhbatlari o’tkazib, deyarli har kuni shaharning markaziy nuqtalarida tadbirlar o’tkazib, odamlarni ogohlikka undaydi, siyosatchilarni savolga tutadi. Odatimiz, an’anamiz bu. Jamoatchilik juda talabchan”,- deydi Xolman.
Shaharni kezar ekanmiz, tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo’lmaydi degan hikmatli so’zlar yodga tushadi.
Vilyamsburg, mer aytganidek, yangi jamiyatning debochasi bo’lgan. Yangi hayot istab kelgan insonlar o’z mafkuralariga tayangan holda yangicha tartib va tuzumni shakllantira boshlagan.
Ko’p qon to’kilgan, adolatsizliklarning cheki bo’lmagan, yangi jamiyat o’z xatolarining azobini tortgan. Saboq olganmiz, deydi amerikaliklar, aks holda siljish bo’lmasdi. O’tmishni bilish, qadrlash kerak. Lekin zamondan orqada qololmaysiz. Vilyamsburgda bu borada muvozanat joyida.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5