Markaziy osiyoliklar Koloradoda. 5-qism. Tojikistonlik stomatolog hikoyasi

Koloradodagi "Cozy Dental" stomatologiya klinikasi rahbari tojikistonlik Aziz Rasulov

Denver atrofida yashovchi markaziy osiyoliklar uni “Doktor Aziz” deb chaqirishadi. Qayerga bormaylik, markaziy osiyoliklarning hammasi uni taniydi. Shunga qaramay, mijozlarimning 90 foizi amerikaliklar, deydi u.

“Odamlarimizning tishi og’rimaguncha kelishmaydi. Amerikaliklar esa profilaktika uchun olti oyda bir kelib turishadi”.

Aziz Rasulov Amerikaga grin karta bilan 1996-yilda kelgan. Dushanbe Tibbiyot universitetining bitiruvchisi AQShda o’z sohasi bo’yicha ishlashni maqsad qildi, biroq buning uchun uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib o’tishga to’g’ri keldi.

“O’qishga kirish uchun imtihon topshirish kerak. Avval biotibbiy fanlardan, ya’ni biologiya, mikrobiologiya, ximiya, anatomiya, tish anatomiyasi. So’ng ingliz tilidan, ya’ni TOEFL testini topshirish zarur. Keyin esa xorijiy mutaxassislarga mo’ljallangan dasturlarni topib, 2-3 yil o’qish lozim. Bunday dasturlarni taklif etadigan universitetlar Nyu-York, Kaliforniya, Massachusetsda bor, Koloradoda ham yaqinda ochildi”.

Aziz Rasulov ish paytida

Bularning barchasi nafaqat vaqt, balki xarajat ham talab qiladi. Davlat universitetida o’qish narxi yiliga 25 000-30 000 dollar, xususiy oliygohda esa 40 000 dan 80 000 dollargacha.

Aziz Rasulov Nyu-York davlat universitetida o’qidi, chunki xorijiy mutaxassislar uchun Denver oliygohlarida dastur yo’q edi.

Uning aytishicha, stomatolog bo’laman degan odam 200 000 dan 400 000 dollargacha qarz bilan o’qishni tamomlaydi. O’qish uchun kredit bankdan olinadi, biroq bu hali xarajatlarning hammasi emas.

“To’rt yillik o’qish uchun yeb-ichishga ham bankdan pul olish kerak. Bu yiliga 30-40 ming dollar atrofida”.

Koloradodagi "Cozy Dental" stomatologiya klinikasi

Agar biror klinikada ishlayman desangiz, bo’yningizdagi qarz shu. Mabodo o’z xususiy stomatologiya klinikangizni ochmoqchi bo’lsangiz, 10-15 yilga qo’shimcha 300 000-400 000 dollar atrofida bankdan kredit olinadi.

Aziz Rasulov yetti yil bir kompaniyada ishlab, tajriba orttirdi, so’ng mustaqil ishlay olishiga ko’zi yetgach, “Cozy Dental” degan mana shu joyni ochdi.

“Bu yerda 12 kishi ishlaymiz. Oilamning to’rt a’zosi - men, singlim, rafiqam, ukamning turmush o’rtog’i va yana sakkiz nafar amerikalik mutaxassis xizmat qilamiz”.

Zarina Ishankulova ulardan biri. Dushanbeda farmasevt bo’lgan. Amerikaga bir yil oldin kelib, hozircha ofisda kotibalik qiladi.

“Hozir ingliz tilini o’rganyapman. O’zga tilda ta’lim olish osonmas. O’z mutaxassisligim bo’yicha ishlash uchun qo’shimcha o’qish kerak. Bu esa qo’shimcha xarajat degani”, - deydi Zarina.

“Doktor Aziz” yuqori malakali shifokor. Buni devordagi faxriy yorliqlaru mukofotlardan bilsa bo’ladi. Klinikani ochish oson bo’lmadi, deydi u.

"Bu joyni klinika sharoitiga moslashtirish uchun uni qayta qurishga to’g’ri keldi. Bundan tashqari klinikani jihozlash, apparatura va materiallar, tibbiy asboblar sotib olish, shtat ma’muriyatidan turli xil litsenziyalarni olish kerak bo’ldi”.

Aziz Rasulovning rafiqasi pediatr bo’lib, u o’z sohasi bo’yicha o’qishga kirishga tayyorgarlik ko’ryapti.

Shifokorning aytishicha, Amerikada malakali ish uchun barcha sharoitlar, ilg’or tibbiy jihozlar, materiallar mavjud. Tojikistonlik mutaxassislarning kuchi klinik fikrlashida; ular yo’q narsadan bor qiladi, amerikalik shifokorlar esa sharoit bo’lmasa, ishlay olmaydi, deydi u.