O’zbekiston, Amerika va Meksikani birlashtirgan oila

Gulshan Arritola

Amerikaga kimni ish yetaklaydi, kimni o’qish. Yana kimdir shu yurtda oila qurib tomir otadi. "Amerika Ovozi" jamosi Koloradoga safar qilib, AQSh, Meksika va O’zbekistonni bog’lagan bir xonadonda bo’ldi.

Bechinchi sinf o’quvchisi Aleksandr Arritola O’zbekistondagi buvisi uchun Iskandar. O’zidan kim so’rasa, onam O’zbekistondan, otam meksikalik deydi. Maktabda eng yaxshi ko’rgani basketbol va matematika.

Koloradoning Avrora shahridagi shinam xonadonning supraqoqdisi u. Onasi Gulshan Arritolaning erkasi:

"Qizim Aziza, o’g’illarim Abror va kichigi Aleksandr. Aleksandrim juda ko’p sovrinlar olgan. Hali katta sportchi bo’ladi".

Oila 2009-yildan beri Qo’shma Shtatlarda.

"Turmush o’rtog’im meksikalik. O’zbekistonga sayyoh bo’lib borganida tanishganmiz", - deydi Gulshan.

Bu xonadonda bir necha tilda so’zlashiladi: o’zbek, ingliz, rus, ispan. Amerika, O’zbekiston va Meksikaning odatlari, bayramlariga birday amal qilinadi.

"Turmush o’rtog’im katolik, o’zim musulmon. Bir-birimizning urf-odatlarimizni hurmat qilamiz. Bolalarga ham shuni o’rgatamiz. Bolalar ispanchani o’rganayapti, chunki u tomonga borishganda ular ispancha gapirishadi. Endi ularning madaniyati ham O’zbekistonnikiga o’xshaydi, mehmondo’st, oilalari katta-katta", - deydi Gulshan Arritola.

U qariyalarga g’amxo’rlik qiladigan firmada ishlaydi. "Savob ish. Belarus, ukrain, rus muhojir qariyalarga yordam beraman. Ularni kasalxonaga olib boraman. Supermarketga olib boraman, chunki ular ingliz tilini bilmaydi", - deya tushuntiradi u.

Qizi Aziza ham o’zi bilan birga ishlaydi.

"Amerikaga kelganimda 17 yoshda edim, maktabga bordim uch yil, tilni o’rgandim. Boshida qiynaldim, lekin odam qiyinchilikka chidashi kerak ekan", - deydi Aziza.

Aziza kunduzi ishlasa, kechki payt kollejda o’qiydi. Biznes boshqaruv sohasini o’rganayapti:

"Bu ham biznes hisoblanadi. Odamlar bilan muomala qilasiz. Telefon qilib, talab qilishadi. Doim bosiqlik bilan muomala qilishingiz kerak".

Aziza o’qishni bitirib, kelgusida O’zbekistonda liboslar biznesini ochishni ko’ngliga tugib qo’ygan. Unga Koloradoning tabiati yoqadi.

"O'zbekistonni eslatadi. Tog'lari, havosi juda yurtimni eslatadi. O'zbekistonni juda yaxshi ko'raman", - deydi qiz.

Uning ukasi Abror esa endi kollejga kiradi. Shu yil maktabni tamomlagan yigit yurist-tergovchi bo’lmoqchi:

“Ko’pchilik biznesni tanladi, men boshqa sohani tanlagim keldi. Tergovchilik esa tabiatimga to’g’ri keladi”.

Aleksandr

U opasi Aziza kabi ham kollejda o’qib, ham ishlamoqchi. Abror hozir ham ishlaydi, Visa va Mastercard kabi kredit kartochkalarni chiqaruvchi firmada.

“Toshkentni, buvimni, do’stlarni sog’inaman. Bu yerda ham do’stlarim bor, o’zbek, tojik, rus, ukrain, amerikalik va hammamiz o’zaro asosan ingliz tilida gaplashishga o’rganib qolganmiz”, - deydi Abror.

Bolalarning muvaffaqiyatidan ona-ota xursand. Hozir Gulshan o’zi ham avvalgi kasbiga qaytishni o’ylab yuribdi. Avval O’zbekistonda Madaniyat Institutini tamomlagan, o’sha yerda ishlagan.

"Hamkasb, studentlarim hozir dunyoning turli burchaklarida televideniyeda ishlaydi. Talabalar bilan ishlaganman. Dekan muovini bo’lib ishlaganman. Studentlarim bore di. Ajab emas, kelasi safar uchrashganimizda sotsiolog yoki rejissyor-ssenariychi sifatida kutib olarman sizlarni", - deya qo'shadi Gulshan Arritola.