Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu kecha AQSh Kongressida so’zlab, Obama siyosatini qoraladi. Eron bilan ketayotgan muzokaralar tinchlikka yetaklamaydi, deydi u. Islomiy respublika bir tomondan gap sotmoqda, ikkinchi tomondan esa vaqt yutayapti, yadroviy dasturini mustahkamlamoqda, deydi Isroil rahbari. Uningcha, Tehron atom quroliga egalik qilish niyatidan qaytmagan. Demokratlar Netanyahuning gaplaridan g’azabda.
Netanyahu Senat va Vakillar Palatasi oldiga chiqqanida Vashingtonda unga nisbatan mavjud norozilikni yumshatishga urindi. U AQShga Oq uy bilan kelishib emas, bevosita Kongress a’zolari taklifiga binoan keldi. Bu esa o’ziga xos qarshilik uyg’otdi.
“Isroil yolg’iz emas. Amerika Isroil bilan yonma-yon, yelkadosh. Bilaman, har biringiz Isroilni quvvatlaysiz”,- dedi u.
Netanyahu Barak Obama prezidentligi davrida Isroilga yordam davom etganidan minnatdorligini aytdi, Oq uy “mening xalqim” uchun madad manbai, dedi.
“Biz, shaxsan men, prezident Obamaga buning uchun rahmat aytaman”.
Biroq ma’ruzasining asosiy qismida u Oq uy olib borayotgan siyosatni tanqid qildi. AQSh Eron bilan til topishsa, bu faqat zarar keltiradi, ko’zlangan maqsadga baribir erisha olmaydi, deya ishonchsizlik bildirdi u.
“Do’stlar, bir yildan oshibdiki, bizga murosa orqali juda bo’lmasa Eronning atom dasturini sekinlashtiramiz deb kelishdi. Bunga erishdingizmi?” - so'radi u.
Demokratlar nazarida esa Isroil rahbari vaziyatga to’g’ri baho bermayapti. Muzokaralar natijasini kutmay yaqin hamkori va ittifoqchilarni yomonotliq qilishga urinmoqda, deydi Vakillar Palatasida demokratlar lideri Nensi Pelosi. Prezident Obama fikricha ham Netanyahu adashayapti.
“Muzokara hali davom etmoqda, avj pallada hozir, kutish kerak. Sabr qilaylik. Nimaga erishganimiz shunda ma’lum bo’ladi va kelishuvga qarab baho berasiz. Fol ochishdan kimga foyda?”
Demokrat kongressmen Lloyd Dogget Netanyahu nega aynan hozir keldi o’zi deya hayron.
“Isroilda saylov yaqin. Netanyahu qayta saylanmoqchi. Bu nutq saylov kampaniyasining bir qismi. Uni taklif qilish katta xato. Shu bois 60 ga yaqin partiyadoshim bormadi bu majlisga”,- deydi kongressmen.
Respublikachilar esa nutqdan mamnun. Eron atom dasturi Kongress uchun eng muhim masalalardan biri, deydi konservativ kongressmen Piter King.
“Vakillar Palatasi, Senat - hammamiz hozirgi siyosatni sinchiklab tekshirib, o’zimizga ma’qul bo’lmagan jihatlarini muhokama qilib, yangi qarorlar qabul qilishimiz kerak. Moliya va boshqa masalalarni qayta ko’rib chiqamiz. Gap AQSh, Isroil va butun dunyo tinchligi haqida ketmoqda",- deydi u.
Netanyahu ma’ruzasi Isroilda saylovoldi nutqi deb talqin qilinmoqda. Muxolifat deydiki, bosh vazirga Oq uy eshigi ochilmagani kuchli siyosiy signal: AQSh u bilan ishlamoqchi emas va Isroilga yangi bosh vazir kerak.