Prezident Donald Trampning ta’kidlashicha, AQShning Afg’onistondagi askarlariga qarshi hujumlar uyushtirish uchun Rossiya tomonidan jangarilarga haq to’langani haqidagi xabarlar yolg’ondir. Razvedka idoralari rahbarlari Kongress a’zolariga bu masalada yopiq eshiklar ortida hisobot bermoqda.
“Bu meni va Respublikachilar partiyasini badnom qilish uchun to’qib chiqarilgan navbatdagi ertak. Yashirin manba mavjud ham bo’lmasa kerak. Shunday manba bo’lsa, kim ekanini aytishsin”, deb yozdi Tramp “Twitter” sahifasida, “Nyu-York Tayms” gazetasidagi maqolaga ishora qilib.
Gazetaning yozishicha, Rossiya koalitsiya askarlarini, jumladan, amerikaliklarni o’ldirish uchun mukofot puli taklif qilganini Amerika razvedkasi bir necha oy oldin aniqlagan va joriy yilning fevral oyida bu haqda Trampga yozma brifing taqdim etilgan.
Biroq AQSh rahbari bu haqda xabardor qilinganini inkor etmoqda. Menga xabar berishmaganining sababi, deydi prezident, bu ma’lumotlar ishonchli emasligida.
1-2-iyul kunlari AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jina Haspel, Milliy xavfsizlik agentligi boshlig’i Pol Nakasone va Milliy razvedka idorasi rahbari Jon Retkliff qonunchilar savollariga javob berdi.
May oyida Tramp tomonidan lavozimga tayinlangan Retkliff va Oq uy rasmiylarining aytishicha, Rossiya Tolibonga aloqador jangarilarga pul bergani haqidagi da’volar tasdiqlanmagan va shu bois ma’lumot prezidentga uzatilmagan.
“Da’volar jiddiy. Agar tasdiqlansa, ishoning, prezident qat’iy chora ko’radi. Nima qilishni bir necha oydan beri muhokama qilyapmiz”, - deydi Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Robert Obrayan.
Prezident Tramp “Nyu-York Tayms” oshkor etgan ma’lumotlarni uydirma deya ta’riflashda davom etmoqda.
“Ko’pgina razvedka xodimlari bu voqealar sodir bo’lganiga ishonmaydi. Menimcha, bu - gazetalar va demokratlar o’ylab topgan uydirma”, - deydi u.
Ishonchli ma’lumotlar
Buni ham ko'ring Afg'oniston rasmiysi: Rossiya Tolibonga yordam bermoqdaBiroq “Reyter” axborot agentligining AQSh va Yevropa hukumatlaridagi manbalarga tayanib xabar berishicha, so’nggi haftalarda AQSh razvedkasi yangi ma’lumotlarni qo’lga kiritgan. Ya’ni Rossiya jangarilarga hujumlar evaziga mukofot puli bergani haqidagi da’volar asosli ko’rinadi.
Tolibon harakatining amaldagi va sobiq rasmiylari ham buni tasdiqlamoqda.
“Alohida qo’mondonlar Rossiya razvedkasidan pul va qurol-aslaha olib turadi. Mujohidlar qatoridan o’rin olgan bu jinoiy guruhlar bizni obro’sizlantiradi”, - dedi Tolibonning G’azni viloyatidagi qo’mondoni Mavlono Bag’dodiy “Business Insider” nashriga bergan intervyusida.
Tolibonning sobiq rahbari Mulla Umarning matbuot kotibi Mulla Ma’nan Niyoziy bunday dastur borligidan taajjubda emas.
“Rossiya razvedkasi Afg’onistonda AQSh kuchlari va “Islomiy davlat” guruhiga qarshi hujumlar uyushtirish uchun Tolibonga to’lab turgan, 2014-yildan hozirgacha”, - deydi u.
AQSh mudofaa va razvedka mulozimlari Rossiyaning Afg’onistondagi amaliyotlari, xususan, Tolibonni qurol va trening bilan ta’minlayotgani to’g’risida azaldan shikoyat qilib keladi.
Pentagonning Kongress uchun tayyorlagan yangi hisobotida “mukofot puli” tilga olinmasa-da, Rossiya aralashuvi kuchayib borayotgani qayd etilgan.
“Rossiya Tolibon ustidan ta’sir kuchiga ega bo’lish, G’arbning harbiy ishtirokini kamaytirish, “Islomiy davlat”ga qarshi amaliyotlarga undash uchun Tolibonni siyosiy jihatdan qo’llab-quvvatlamoqda, lekin rasman buni rad etadi”, deyiladi hisobotda.
Yangilik emas
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo kechayotgan bahslarga quyidagicha izoh berdi:
“Ruslar AQShga dushmanlik ruhida Afg’onistonda ish olib borayotgani yangilik emas. Ular 10 yildan beri amerikaliklarga xavf soladigan kichik qurollar sotib kelmoqda. E’tiroz bildirganmiz. Ruslar amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo’yayotgani to’g’risida ishonchli ma’lumotni ko’rsak jiddiy munosabat bildiramiz”.
Demokrat qonunchilar esa Tramp ma’muriyati razvedka ma’lumotlari bilan qanday ishlashini tanqid qilmoqda.
“Agar haqiqat bo’lsa, bu xabarlar shundoq ham agressiv bo’lgan dushmanning hayratlanarli darajada eskalatsiyaga berilgani hamda prezidentning amerikaliklar hayotini himoya qilishdek muqaddas mas’uliyatini bajarmayotganini ko’rsatadi”, deyiladi Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi Pompeoga yo’llagan maktubda.
Ayrim demokratlar yanada kuchliroq tanqid bilan chiqdi.
“Bu xiyonatdan boshqa narsa emas. Agar AQSh harbiy tizimidagi eng kichik ofitser unga taqdim etilgan razvedka ma’lumotiga ko’z yumsa, u albatta qamoqqa olingan bo’lardi. Bu holatda esa ma’lumot oliy qo’mondonga yetkazilgan axir”, - deydi kongressmen Set Molton.
Ehtiyot choralari
Rossiya Afg’onistondagi xorijiy askarlarni o’ldirish uchun Tolibonga pul to’lagani to’g’risidagi da’volar yuzasidan yakdillik bo’lmasa-da, AQSh rasmiylari bunday tahdid jiddiy qabul qilingani va ehtiyot choralari ko’rilganini aytmoqda.
Oq uyning bildirishicha, amerikalik biror askarga ziyon yetgani haqida dalil yo’q.
“Razvedka ma’lumotlari tekshirilmoqda. Mudofaa vazirligiga ko’ra, biror amerikalik o’ldirilgani ma’lum emas”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Kayli Makeneni.