Xalqaro mehnat tashkiloti O’zbekiston paxta dalalariga ilk bor kuzatuvchilarini yuboradi

  • Amerika Ovozi

(Arxiv)

O’zbekistonda paxta terimi mavsumi boshlanar ekan, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari dalalarda majburiy mehnatga yo'l qo'yilmasin deya undamoqda.

Bir guruh tashkilotlar 9-sentabr kuni chiqargan qo’shma bayonotda joriy mavsumda 3,35 million tonna paxta olinishi kutilayotgani aytiladi. Bu O’zbekiston dunyodagi paxta ishlab chiqaruvchi mamlakatlar orasida 6-o’rinni egallashini anglatadi. “Oq oltin” eksporti bo’yicha esa mamlakat 2-o’rinda.

Shunga qaramay O’zbekiston fuqarolari huquqlari davlat nazoratida bo’lgan sanoat tomonidan toptaladi, deyiladi qo’shma bayonotda.

Bu yil birinchi marta Xalqaro mehnat tashkiloti O’zbekiston paxta dalalariga o’z kuzatuvchilarini yuboradi.

Bu quvonarli hol, deya bildiradi AQShda asoslangan “Paxta Kampaniyasi” (Cotton Campaign). Lekin chet ellik mutaxassislarga bemalol ishlay olishi uchun sharoit yaratib berilishi lozim. Kuzatuvchilar yonida hukumat rasmiylari va davlat kasaba uyushmalari vakillari bosimi ostida o'z vazifasini bajara olmaydi. Terimchilar va paxtakorlar ahvol haqida kuzatuvchilarga ochiqchasiga gapira olishi kerak.

“Paxta Kampaniyasi” tarkibiga 32 tashkilot, shu jumladan "Human Rights Watch", Ochiq jamiyat jamg’armasi, "Ezgulik" jamiyati, O’zbek-Germaniya inson huquqlari forumi va boshqalar kirgan.

Xalqaro mehnat tashkiloti mustaqil ma’lumot olishda barcha yo’llardan foydalanishi kerak. Yig'ilgan informatsiya Xalqaro savdo ittifoqi konfederatsiyasi hamda Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti bilan tasdiqlansin, deyiladi bayonotda.

2010-yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining Mezonlarni qo’llashni kuzatib boradigan qo’mitasi O’zbekistonga maxsus kuzatuvchilar guruhini yuborishni tavsiya qilib keladi. Bunday guruh maqsadi mustaqil fuqarolar jamiyati vakillari tomonidan kuzatuvni amalga oshirish, majburiy mehnat hamda bolalar mehnati masalasini ko’tarish va omma uchun hisobot chiqarishdan iborat.

Har yili bir milliondan ziyod bolalar, talabalar, o’qituvchi va shifokor kabi davlat idoralari xodimlari hamda xususiy sektor vakillari paxta terimiga majburan jalb etiladi. Ularning yashash sharoitlari hech qanday talablarga javob bermaydi. Paxta terimida qatnashishdan bosh tortganlarga nisbatan turli jazolar qo’llaniladi. Ular o’qish yoki ishdan haydalishi mumkin, ko’pgina hollarda maoshini va boshqa ijtimoiy to’lovlarni ololmaydi. Paxta dalalaridagi vaziyatni kuzatishga uringan mustaqil faollar esa hibsga olinadi. Hokimlarning fermerlarni kaltaklagan hollari ham ma’lum. Lekin rasmiylar bu tanqid va ayblovlarni inkor etib keladi.

Inson huquqlari tashkilotlari bunday amaliyotlarga chek qo’yishni talab qilmoqda.