Topuz Baxtiyorning katta oilasi 12-fevral kuni tongda Qrimning Yalta shahridagi besh qavatli uyning birinchi qavatida, o'z uyida uxlab yotgan payt edi. Bir mahal niqob taqqan, qurollangan odamlar oynani sindirib, xonadonga bostirib kirdi.
Rus tilida baqirib buyruqlar berib, ayollarni bir xona, bolalarni ikkinchi xonaga qamab, uyni tintuv qilishga tushdi. Baxtiyorning qo'liga kishan solib, olib ketishdi. Oila dahshatda, nima qilarini bilmay qoldi.
35 yoshli Baxtiyor qo'li gul etikdo'z, talantli dizayner. U oilasi bilan yashayotgan imoratning birinchi qavati avval bolalar bog'chasi bo'lgan. Xarobgina bo'lib yotgan bu yerni shahar ma'muriyatidan sotib olib, o'z qo'li bilan ta'mirdan chiqarib gullatdi. Uning uch farzandi, rafiqasi, singlisi, jiyani hujum paytida uyda bo'lgan.
Baxtiyorni Rossiya federal xavfsizlik xizmati binosiga olib borib, qamoqqa tashlashdi. 12 soat kamerada o'tirib, yarim tunda qo'yib yuborildi. Rasmiylar uni Hizb-ut Tahrir guruhiga aloqadorlikda gumon qildi.
Baxtiyorning oilasi ularni Kiyevga chaqirib oldi. Hozir yigit kollejda ta'lim olayapti.
2-iyun kuni esa Qrimning Simferopol shahrida hibsga olingan to'rt tatar Rossiyaning Rostov-Don shahrida sud qilindi. Ular ekstremizm ayblovini tan olishdan bosh tortmoqda.
Baxtiyorning amakisi Anvar Ochilov Nyu-York shahrida xotini, o'g'li bilan yashaydi. "Har kuni ertalab uyda nima gap ekan, tinchmikan, deb uyg'onaman. Yangiliklarni o'qishga qo'rqaman", - deydi u.
Ochilovning aytishicha, Qrimda yosh yigitlar ko'chada o'g'irlab qochilgan holatlar ko'paygan. Ko'chada yolg'iz yurish xavfli.
Rossiya 2014-yil boshida Qrimni Ukrainadan tortib olganidan beri qrim-tatarlarni qo'lga olish, ommaviy qamash holatlari tez-tez ro'y bermoqda. Rossiya xavfsizlik kuchlari o'z harakatlarini terrorizmning oldini olish deya izohlaydi. Huquq tashkilotlari nazarida esa tatarlar Qrimni Rossiyaniki deb tan olishdan bosh tortgani uchun Rossiya xavfsizlik kuchlari bu elatdan o'ch olayapti.
"Qrimda tazyiqlar tobora keng tus olayapti. Sanoqli mustaqil jurnalistlar va tanqidiy fikr bildirganlar nishonga olinmoqda", - deydi Amerikaning BMTdagi elchisi Samanta Pauer. "Natijada tatarlarning har qanday siyosiy fikri, tashkilotlari jinoiy deya talqin qilinmoqda".
2014-yilning martida Qrim endi Rossiyaga qo'shib olingan damlarda Prezident Vladimir Putin Majlis raisi, Qrim-tatar kengashi rahbari Mustafo Jemilevni huzuriga taklif qilgan. Jemilev taklifni rad etib, Qrim zudlik bilan Ukrainaga qaytarilishi shart, deya javob qildi.
Massachusets universitetida islom tarixidan dars berayotgan professor Brayan Glin Vilyamsning aytishicha, Putin Jemilevning javobidan qattiq ranjigan, haqoratlangan.
"Qrim-tatar xalqi yetakchisi bilan Kremlda olingan surat qudratli targ'ibot vositasi bo'lishi aniq edi. Okkupatsiyani qonuniy deya ta'riflash uchun asos bo'lishi mumkin edi bu", - deydi u.
Vilyams Jemilevni "Qrimning Nelson Mandelasi" deb hisoblaydi. Rossiya istilosini hech vaqt tan olmaydi u, deydi professor.
Jemilev Ukraina parlamenti deputati. Qora dengizdagi yarimorol Ukrainaga qaytarilishi lozim, deya xalqaro sahnada kurashmoqda.
2014-yilning aprelida Rossiya sudi Jemilevni ekstremist deya tamg'alab, Qrim yoki Rossiyaga kelasi besh yil qadam bosmaslikni buyurdi. Joriy yil yanvarida Simferopol sudi uni hibsga olishga ko'rsatma berdi. Federal xavfsizlik xizmati uni qidiruvdagi eng xavfli shaxslardan deya e'lon qildi.
26-aprelda Rossiya sudi Qrim-tatar Majlisini ekstremizmda ayblab, man qildi.
Qrimdagi machitlar tez-tez politsiya tomonidan tintuv qilinadi. Yaqinda ana shunday amaliyot paytida chamasi 50 tatar ushlandi, ularning yonida pasport bo'lmagani da'vo qilindi.
Bundan tashqari, Qrimda Rossiyaga suyangan mutasaddilar mahalliy aholiga Iosif Stalinning quvg'in siyosati qurbonlarini xotirlashni man qildi. Sovetlar rahbari 1944-yilning 18-mayida qrim-tatarlarni ommaviy ravishda Markaziy Osiyo va Rossiyaning boshqa qismlariga deportatsiya qilgan.
"Oldinlari bu kunni bemalol yodga olar edik. Bu yil ommaviy yig'inlarni taqiqlab qo'yishdi", - deydi Zair Smedlyayev, Qrim-tatarlar kengashi vakili.