Qrim-tatarlar milliy bayroq kunini nishonladi. Ularning yetakchisi Mustafo Jemilevga ko'ra, mustaqillik va Rossiya okkupatsiyasiga qarshilik ramziga aylangan bu bayroq ahamiyati oshib bormoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tatarlar bir kun kelib milliy bayroqlari bosqindan ozod etilgan Qrim uzra tiklanishi umidida yashayotganliklarini aytishadi.
Ushbu bayram Qrimda Milliy Majlis tomonidan kremlparastlar sifatida ko'rilayotgan tatar jamoatchiligi tomonidan nishonlangan. Ammo tadbirni mahalliy hukumatdan mustaqil ravishda o'tkazishni maqsad qilgan Majlis faollari va qrim-tatar jamoatchiligiga ruxsat berilmagan.
Yarimorolga kirishi taqiqlangan yetakchilar milliy bayroq kunini Kiyevda nishonlashdi.
Ukraina prezidentining qrim-tatarlar bo'yicha maxsus vakili Mustafo Jemilev, Milliy Majlis raisi Refat Chubarov ishtirokida o'tgan tadbirda bayroq bugun Rossiya okkupatsiyasiga qarshilik ramziga aylangani ta'kidlab o'tildi.
Mustafo Jemilevga ko'ra, Qrimning bosqindan ozod bo'lishi muqarrar.
“Albatta, ozod etiladi, ammo qachon - buni aniq aytish qiyin. Buni urushsiz amalga oshirishni istaymiz, chunki urush bu ko'plab begunoh qurbonlar, falokat mintaqa bo'ylab yoyiladi degani. Bizning dunyo bo'ylab chiqishlarimiz, Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish lozimligi haqidagi murojaatlarimiz vatanimizni urushsiz, qonsiz ozod etishga qaratilgan”, - deydi Jemilev.
Uning aytishicha, bayroq tatarlarga mustaqillik uchun kurashish, ozodlikka talpinish uchun kuch beradi.
“Bugun milliy bayroq Qrimning mustaqillik ramziga aylandi, nafaqat qrim-tatarlar balki yarimoroldagi barcha millatlar, insonlar uchun ham. Ular ham bugun bu yurtning tub aholisi, bu tuproqning egasi qrim-tatarlar ekanligini yaxshi tushunib borishayapti. Kelajakda, Qrim bosqinchilardan ozod etilganidan so'ng, bu bayroq muxtor respublikaning rasmiy bayrog'iga aylanajak, qrim-tatarlar shu umidda, shunday ishonch bilan yashamoqda”, - deydi u.
Ikki yil avval Qrim referendum natijasida Rossiya tarkibiga qo'shib olingan. Xalqaro jamoatchilik tomonidan tan olinmagan, tatarlar qatnashishdan bosh tortgan bu referendumdan so'ng yarimorolda Rossiya qonunchiligi o'rnatildi, Moskva Qrimning egasiga aylandi.
Bu voqealarni bosqin sifatida baholab kelayotgan qrim-tatarlarga nisbatan tazyiq kuchaydi, millatning aksariyat liderlariga Qrimga kirish taqiqlandi. Ta'qiblar tatarlarni o'z vatanlarini tark etishga majbur qilmoqda.
Ikki yildirki, qrim-tatar xalqi qadriyatlari bilan bog'liq asosiy bayramlar, xotira marosimlari, milliy miqyosdagi boshqa tadbirlar asosan Qrimdan tashqarida o'tkazib kelinadi.