“Islomiy davlat” jangari to’dasi Suriya va Iroqda jang maydonlarida mag’lubiyatga uchrashda davom etarkan, guruh axborot urushini ham boy bermoqda. Tahlilchilarga ko’ra, so’nggi oylarda Daishning tashviqoti susaygan. Axir jang maydonidagi mag’lubiyatlar bilan tashviqotni samarali olib borish mumkin emas.
“Jangarilar tarqatgan so’nggi videoda Raqqa shahri tasvirlangan bo’lishi mumkin. Ular o’z armiyasini professional, qobiliyatli qilib ko’rsatishga harakat qilishyapti”, - deydi Radikalizatsiya holatlarini o’rganish xalqaro markazi (International Center for the Study of Radicalization) tadqiqotchisi Charli Vinter (Charlie Winter).
U guruh tashviqotlarini eng boshidan o’rganib keladi.
“Islomiy davlat” propaganda bobida hozir oldingiday emas. Xuddi uning tashviqotchilari o’z ishini tashlab ketganday. Oktabr oyidan beri ulardan sado chiqmaydi. Bunga sabab shuki, Suriyaning Raqqa va Mayadin shaharlarida guruhning matbuot markazlari vayron qilingan”, - deydi mutaxassis.
So’nggi oylarda Daish janglarda katta hududlarni boy berdi. Targ’ibotchilar ishi ancha qiyinlashdi.
Jangarilarga qarshi kurashayotgan xalqaro kuchlar tashviqot ahamiyatini anglab, guruhning matbuot markazlarini ham nishonga olgan.
Tahlilchi Vinterning aytishicha, jangarilarning muvaffaqiyat darajasi islomiy xalifalikni tuzishdan oddiy jon saqlashga tushdi.
“Guruh hududidan ajragan bo’lsa ham mafkurasini saqlab qolgan. Mafkuraga ergashuvchilar, uning nomi bilan o’zlarini qurbon qilayotganlar hali ham bor”, - deydi Vinter.
Yaqingacha Daish xorij mamlakatlaridagi musulmonlarni xalifalikka chorlab kelgan edi.
“Biroq hozir bunday emas. Guruh ularni o’z mamlakatlarida xurujlarni amalga oshirishga erishmoqchi”, - deydi kuzatuvchi.
Bu borada esa “Islomiy davlat” ancha muvaffaqiyat qozongan. Aniq dalil bo’lmasa-da, guruh dunyoning turli chekkalarida sodir etilgan xurujlar uning tarafdorlari tomonidan amalga oshirilganini da’vo qilmoqda.
Bunga ommaviy axborot vositalari aybdor, deydi Vinter. Unga ko’ra, jangari to’daning jang maydonlaridagi mag’lubiyatlariga qaramay, Daish jurnalistlar tufayli yangi tarafdorlar qozonmoqda.
“Global matbuot Daishga qarshi amaliyotlarni qanday yoritishiga ko’p narsa bog’liq. Guruhning umri, mafkurasi shunga bog’liq”, - deydi Charli Vinter.
Daish tarqatgan so’nggi videolarga ko’ra, Misrning Sinay yarimoroli endi jangarilarning yangi makoniga aylanmoqda. Bir necha kun oldin u yerdagi masjidga hujumda 300 dan ziyod odam o’lgan.