AQShda saylovgacha rejalangan ikki teledebatdan birida qatnashgan Jo Bayden va Donald Tramp saylovchilarga prezidentikka loyiq ekanini ko’rsatishga harakat qilishdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Saylov kampaniyasi paytida Tramp AQSh iqtisodiyoti xarob ekanini aytgan.
CNN telekompaniyasi studiyasida o’tgan munozara paytida Tramp Amerika davlat sifatida cho’kayotganini bildirdi.
“Bayden yomon ishlayapti. Inflyatsiya mamlakatni nobud qilyapti. Barchamizni nobud qilyapti”, - dedi Tramp.
Bayden esa saylov kampaniyasi paytida Trampdan qolgan abgor iqtisodiyotni tiklashga muvaffaq bo’lganini, hali yana ancha ish borligini ta’kidladi.
“Oziq-ovqat narxlarini tushirishga harakat qilyapmiz. Shuni amalga oshirish bilan shug’ullanamiz”, - dedi Bayden.
Ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, hech bir nomzodda yaqqol ustunlik yo’q, iqtisodiyot va immigratsiya saylovchilar uchun muhim mavzular.
Debat paytida Tramp Baydenni amerikaliklarni ulardan ish o’rinlarini olib qo’yayotgan noqonuniy muhojirlardan himoya qila olmayotganlikda aybladi.
"Chegaramiz dunyodagi eng xavfli joydir. Bayden uni ochib qo’ydi, bu qotillar esa mamlakatimizga kirib kelyapti, ayollarimizni zo’rlab, o’ldirishyapti”, - dedi Tramp.
Debatda Bayden saylovchilarga Tramp ma’muriyatining muhojirlar oilalarining ajralishiga olib kelgan siyosatini eslatdi.
“U prezident bo’lganida bolalarni onalardan ayirgan, oilalar qovushmasin deb bolalarni qafasga soldirgan”, - dedi Bayden.
Ukraina urushiga kelganda Tramp prezident bo’lganida Putin Ukrainani bosib olishga jur’at etmagan bo’lishini aytdi.
"Saylanishim bilan Putin va Zelenskiy orasidagi urushni to’xtaman. 20-yanvarda qasamyod keltirishimdan oldin bu urushga chek qo’yaman”, - dedi Tramp.
Baydenning aytishicha, Tramp Amerika ittifochilariga yetarlicha yordam bermagani Rossiyani jasoratlantirdi va Yevropada kattaroq urush tahdidini keltirib chiqardi.
"Putin Ukrainani butkul tortib olmoqchi. Ukrainani olgandan so’ng shu bilan cheklanadi deb o’ylayapsizmi? Polsha, Belarusning xoli nima bo’ladi deb o’ylaysiz?”, – dedi Bayden.
Bu AQSh tarixida eng erta debat bo’ldi, chunki Bayden ham, Tramp ham o’z partiyalaridan prezidentlikka rasman nomzod deb ko’rsatilgani yo’q hali. Keyingi debat sentabr oyiga belgilangan.
Mustaqil saylovchi Robert Kennedi debatga taklif etilmadi. U payshanba oqshom Los-Anjeles shahrida saylovchilar bilan uchrashib, debat paytida Bayden va Tramp muhokama qilgan mavzularga o’z qarashlarini bildirdi.
Kennedi yirik ommaviy so’rovlarda 15 foiz olgan, faqat oltita shtatda saylov byulletenlariga kiritilgan. Ammo bu saylovda g’alaba qozonish uchun yetarli emas.
“Amerikaliklarning 70 foizi saylovda qatnashishni istamaydi, chunki nomzodlar amerikaliklar uchun hozir muhim bo’lgan mavzularni ko’tarayotgani yo’q. Ular qarshi taraf g’alaba qozonmasligi uchun saylovda qatnashishga majbur ekanini aytishyapti. Ya’ni qo’rqqanlaridan ovoz berishmoqchi. Agar amerikaliklar qo’rqqani uchun ovoz berayotgan bo’lsa, shu ikkisidan birini tanlaydi”, - dedi Kennedi.
Aksariyat kuzatuvchilar va matbuot debatda Trampning qo’li baland kelganini, Bayden yaxshi natija ko’rsatmaganini ta’kidlaydi.
“Sobiq prezident Donald Tramp tarafdorlarini ovoz berishga ishontira oldi, ammo Bayden buning uddasidan chiqdi deb o’ylamayman, debatda o’zini yaxshi ko’rsatmadi”, - deydi Nyu-Yorkning Xofstra universitetidan Mina Bouz.
AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaga maslahatchilik qilgan Deyvid Akselrodning “USA Today” kundalik gazetasiga aytishicha, debatdan so’ng Demokratik partiyada Baydenning saylovda qatnashish ehtimoli yuzasidan jiddiy muhokama bo’ladi.
Gazeta Bayden munozara paytida qotib qolganini, dovdirab javob berganini ta’kidlaydi.
“Wall Street Journal” gazetasiga ko’ra, Bayden hozirgi holatida mamlakatni yana 4 yil boshqara olmaydi, demokratlar uning o’rniga boshqa nomzodni ko’rsatish ustida o’ylanishi kerak.
NBC telekompaniyasi ham shunday fikrda. Ayrim demokratlar bu oson bo’lmasligini, saylovga vaqt oz qolayotganini, boshqa nomzod Trampga bas kela olmasligini taxmin qilmoqda.
Baydenning ko’p yillik tarafdorlari ham uning debatdagi chiqishidan xursand emas.
"Men yillar davomida, maktab paytidan beri Baydenni qo’llab-quvvatlab kelganman. Ammo hozir xavotirdaman. Trampning yana to’rt yillik prezidentligiga chiday olmayman. Bayden hozir 180 darajaga o’zgarishi kerak yoki ko’p odamlar istaganidek, poygadan chiqishi zarur. Mamlakat uchun bu hozir eng yaxhisi”, - dedi chikagolik bir saylovchi.
"Bayden o’zini yaxshi ko’rsatadi deb umid qilgandim, ammo hozir nima deb o’ylashni bilmayapman. Saylovga mosmi deb o’ylanib qoldim. Donald Tramp mos emasligini yaxshi bilaman. Nazarimda, mamlakatimiz fojiali holatda hozir. Yoshim 75 da. Har bir saylovda qatnashganman. Doim kimga ovoz berishimni bilganman, ammo hozir bilmay qoldim. Qo’rqyapman”, - deydi vashingtonlik Mark Shoen.