Amerikadagi demografik o’zgarishlar oq tanli bo’lmagan nomzodlarning, jumladan yangi amerikaliklarning, siyosiy maydonga chiqishiga turtki bermoqda.
“Bu anchadan buyon har ikki partiya uchun ustuvor vazifa bo’lib kelgan”, - deydi respublikachi strateg Aleks Konant.
Demokratlar irqiy va etnik ozchilik guruhlar vakillarini targ’ib qilishda faolroq. Kelajakda respublikachilar ham qattiroq harakat qilishi tayin, deydi Konant.
Buni ham ko'ring Ilhan Umar - qochqindan qonunchiga aylangan ayol“Yirik, rang-barang mamlakatmiz. Saylovlarda g’alaba qilishni istasangiz, ovoz beradigan jamoaning vakili bo’lish, xususan qora tanli nomzodlarni olg’a surish yordam beradi”.
Xo’sh, oq bo’lmagan siyosatchilar, jumladan Amerikaga yangi kelganlar, qanday qilib saylanishi mumkin?
Nomzod treningdan o’tishi muhim, deydi oilasi Afrikadan AQShga kelgan Naketta Riks. U Kolorado shtatining Vakillar palatasiga saylanish harakatida. Riksga “Yangi Amerika Liderlari” nomli hech bir partiyaga yon bosmaydigan tashkilot hamda ayollarni lavozimga tayyorlovchi “Emerge” tashkiloti yo’l ko’rsatgan.
“Mablag’ to’plash, o’zimni ommaga qanday ko’rsatish, qanday nutq so’zlashni o’rgatishdi. Odamlar sizni jiddiy qabul qilsin desangiz, bularning hammasi muhim”, - deydi Riks.
Uning oilasi Liberiyadagi harbiy to’ntarish ketidan AQShga qochib kelgan.
“Men saylanayotgan tumanda rang-barang odamlar yashaydi. Har besh kishidan biri boshqa mamlakatdan, Xitoy yoki Myanma, Janubiy Amerika yoki Afrika”, - deydi muhojir.
Erishsa bo’ladi
AQShda nisbatan kam yashagan nomzodlar tashviqot kampaniyasida qo’shimcha to’siqlarga duch keladi.
“Katta miqdorda mablag’ jamg’ara olishingiz kerak. Birinchi avlod immigrantlar odatda keng donorlar tarmog’iga ega emas, ularni tanishmaydi. Shu jihatdan AQShda tug’ilib o’sgan raqiblari ustun kelishi mumkin. Ammo saylovda g’alaba qilayotgan muhojirlar ko’p, qiyin bo’lsa ham bunga erishsa bo’ladi”, - deydi Aleks Konant.
Buni ham ko'ring Tramp: Noqonuniy muhojirlar aholining bir qismi emasBiroq koronavirus pandemiyasi saylov kampaniyalari faoliyatini cheklagan. Ayniqsa o’zini saylovchilarga tanishtirishga urinayotgan “yangi” amerikaliklar uchun qiyin.
“Politico” gazetasining yozishicha, oq bo’lmagan nomzodlar haligacha “sistematik irqchilik ta’siri bilan kurashadi”. Saylana olmaydi degan qarashlar, mablag’ to’plash qiyinligi, partiya yetakchilari tomonidan ishonchsizlik shular jumlasidan.
Shu bilan birga, ushbu saylov mavsumida irqiy tengsizlikka e’tibor oshdi. Ganalik muhojirlar oilasida tug’ilgan Kojo Asamoa-Tsezar ushbu omil unga Kongressga saylanishga yordam berayotganini aytadi.
3-noyabr saylov kuni nima bo’lishidan qat’i nazar saylov kampaniyasini olib borish tajribasi kelajakda qo’l keladi.
“Saylanmochi bo’lganlar nomzodini qo’yishi kerak. Yaxshiroq nomzod bo’lishning yagona usuli – kampaniya olib borish”, - deydi Konant.