Obamaning immigratsiya siyosati oila-yorlarni qarshi qilib qo’ymoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Noqonuniy muhojirlar taqdiri/Illegal immigrants' future in US

Prezident Obama hujjati yo’q muhojirlarni deportatsiya qilishga shoshmayotgani bu toifadagi insonlarga umid bag’ishladi. Lekin bu qaror ayrim oilalar va do’stlarni bir-biriga qarshi qayrab qo’ygani ham haqiqat.

Your browser doesn’t support HTML5

Obamaning immigratsiya siyosati oila-yorlarni bir-biriga qarshi qilib qo'ymoqda


Monika Sibri va Yoxan Garsia do’st. Garsia Qo’shma Shtatlarga 15 yoshida, Sibri esa 16 yoshida kelgan. Aftidan yigit mamlakatda qolishi mumkin, lekin qizda bunday imkoniyat yo’q.

Obama joriy yil ma’qullagan qarorga ko’ra, AQShga kelganida 15 va undan yoshroq bo’lgan noqonuniy muhojirlar mamlakatda kamida ikki yil qolishga haqli.

“Faqat kelishib olaylik. Bu amnistiya emas. Jazodan himoya yoki fuqarolik sari yo’l ham emas. Vaqtincha chora”, - deydi u.

Biroq hamma ham bu imtiyozga ilinavermaydi. Ekvadorlik Sibri 20 yoshda. Steyten Aylend kollejida tahsil olmoqda.

“Oilamning yarmi shu yerda. Ota-onam Amerikada. Ekvadorga borsam, meni kutib oladigan kimsa yo’q”, - deydi Sibri.

25 yoshli Garsia AQShda qolayotganidan boshi osmonda, lekin do’sti Sibri va boshqalarning taqdiri nima bo’ladi?

“Amerika u kabi iste’dodli talabalarga imkon berishi kerak. O’qisin, kashfiyotlar qilsin, mamlakat sharafini himoya qilsin. Sibri Qo’shma Shtatlar nomini ko’tara oladigan talant egasi”, - deydi Garsia.

Lurdes Romero uchun ham yashil chiroq yongan:

“Qanot chiqarib yubordim. Barcha rejalarni amalga oshirishim mumkin endi. Ammo boshqa o’rtoqlarimning omadi chopmaganidan siqilaman”.

Muhojirlar masalasi dolzarb ekan, prezident Barak Obamaning tashabbusi Joanna Marzulloga ma’qul emas:

“Amerikaga orqavoratdan kirib olgan odamlarni siylab Obama to’g’ri yo’l tutmayapti”.

Ruhoniy Bob Vitalione fikricha esa Obamaning qarori mardona. Mamlakatda muhojirlarga muomalani o’zgartirish kerak, deb hisoblaydi u.

“Hujjatsiz muhojirlar, bundoq olib qarasak, aslida XXI-asr qullari. Ular arzimagan pulga qora terga botib ishlaydi. Eng og’ir yumushlarni bajarayotgan shu insonlar. O’tmishda qullar qilgan ishlar-da”, - deydi ruhoniy.
Amerikaga orqavoratdan kirib olgan odamlarni siylab Obama to’g’ri yo’l tutmayapti...

Prezident taklif qilgan imtiyozdan foydalanish uchun 100 mingdan ziyod odam hujjat topshirgan.

Obama ma’muriyati Kongress oxir-oqibat AQShga bolalikda kelib qolgan nolegal immigrantlarga fuqarolik sari yo’l ochadi, degan umidda.

Biroq hozircha imtiyozga ilinmagan odamlar yo deportatsiya qilinadi, yo vataniga o’zi ketadi, yo Amerikada hujjatsiz yashayveradi.