Qo’shma Shtatlarning g’arbiy sohilidagi shtatlar zilzilaga moyil hudud. Kaliforniya shtati ulardan biri. Yer silkinishini tubdan o’rgangan seysmolog olimlar zilziladan ogohlantiruvchi tizim joriy qilib, aholining tabiiy ofatga tayyorgarligini yaxshilash harakatida.
Kaliforniyada zilzilalar tez-tez bo’lib turishi aholini hushyorlikka undaydi. Ko’pchilik yiliga bir marta maxsus tayyorgarlik mashqlaridan o’tadi.
AQSh Geologiya markazi olimlari zilzilani oldindan aniqlay oladigan tizim yaratdi.
“Dunyodagi eng ilg’or tizim bu. Yer silkinishi ehtimolini erta aniqlaydi. Zilzila paytida uning o’chog’ini va xafv tug’diruvchi radius doirasini ham aniqlaydi”, - deydi seysmolog Richard Allen.
Geologiya markazi va Kaliforniya universiteti zilzilashunoslik fakulteti laboratoriyasi hamkorligida ishlangan tizim Kaliforniya, Oregon, Vashington shtatlari aholisini oldindan ogohlantirishni ko’zlaydi.
“Zilzila haqida ogohlantirishda, yer qimirlay boshlashi bilanoq kuchli zilzila ro’y berayotganday signal bo’lishi kerak, toki odamlar o’zini panalab ulgursin”, - deydi laboratoriya xodimi Peggi Xelveg.
Tizim silkinish to’lqinini sezadigan sensorlarga ulangan.
“Sensorlar yuza bo’ylab joylashtirilgan. Zilzila silkinishidagi nozik o’zgarishlarni aniqlay oladigan algoritm asosida ishlaydi. Boshqa hech bir tizimda bunday imkoniyat yo’q”, - deydi Richard Allen.
Olimlar bu tizim zilzilaga moyil hududlarda aholi xafvsizligi yo’lida xizmat qilishiga umid bog’lamoqda.