Amerikada qimmat mahsulotning bozori chaqqon

  • Amerika Ovozi

Amerikada qimmat mahsulotning bozori chaqqon

Qo’shma Shtatlarda iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramay qimmatbaho mahsulotlarning bozori chaqqon.

Los Anjelesning so’lim va boy qismi Beverli Xillsda eng mashhur va qimmat do’konlar “Rodeo Drive” degan katta ko’chada joylashgan. Hamisha gavjum.

Malayziyalik Si Si Xong va uning oilasi vataniga qaytishdan oldin bu yerdagi do’konlarga kirib chiqmoqda.

“Hozir narsa sotib olish uchun vaqt juda qulay”.

Nimaga deysizmi? Xongning aytishicha, AQSh dollari qiymatining pasayib ketgani oqibatida bu yerda ko’plab tovarlar Malayziyaga qaraganda arzonroq bo’lib qolgan.

Masalan, Xong mashhur “Coach” firmasi tomonidan ishlab chiqilgan sumka uchun 650 dollar to’ladi. Malayziyada esa uning narxi ikki barobar qimmat.

Bu - hozirgi iqtisodiy vaziyatdagi yagona ijobiy yangilik. Bundan bir-ikki yil oldin vaziyat sal boshqacha edi. Masalan, badavlat odamlar pulni ayashga tushib, xarid ko’lami pasaygan edi. Dizayner va do’kondorlar bilan gaplashsangiz, savdo o’lmagan, deydi.

“35 nafar xodimim bor edi. Mening mahsulotlarim Nyu-Yorkdagi mashhur do’konlarda sotilar edi”, deydi Pol Attyo.

2008 yilga kelib taniqli dizayner Attyo aksariyat xodimini ishdan bo’shatishga majbur bo’ldi. Nyu-Yorkda savdo sustlashdi. Chunki dizayner yaratgan kiyim-kechakni sotib olishga qurbi yetadiganlar kamayib ketgan edi.

Endi esa asta-sekin ilgarigi vaziyat qaytayotgan ko’rinadi.

Amerikada qimmat mahsulotning bozori chaqqon

Jeymi Adler, uy jihozlari ishlab chiqaruvchi “Phyllis Morris” firmasi xodimi:

“Vaqt o’tgan sari talab oshib, biz ham yangi loyihalar ustida ishlay boshladik. Umid katta”.

“Phyllis Morris” firmasi ishlab chiqargan karavotlar narxi 20 - 60 ming dollar orasida. 2008-yildan buyon bu kompaniyaning AQShdagi savdosi kamaygan bo’lsa, xorijda, aksincha, oshib bormoqda.

Asosiy sabab – AQSh dollari qiymatining pasaygani. Yana bir sabab – internetning rivojlanishi. Adlerga ko’ra, chet elliklarning ko’pchiligi mahsulot haqida aynan internetdan ma’lumot oladi.

AQShda ishlab chiqarilgan tovarlar, asosan, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Braziliyada sotiladi. Bugungi kunda aynan mana shu mamlakatlarda iqtisodiy o’sish katta ekani sir emas.

Badavlat xorijliklar AQShdagi og’ir vaziyatdan foyda ko’rmoqda. Marketing bo’yicha mutaxassis Deyvid Vinter deydiki, Qo’shma Shtatlarga kelayotgan chet elliklar nafaqat mashhur dizaynerlar tomonidan yaratilgan kiyim-kechak, poyafzal yoki qimmatbaho taqinchoq xarid qiladi, balki mulk ham sotib olishga qiziqadi.

“Ular – nafaqat naqd pul sarflaydigan boyvuchchalar, balki bir galda o’nlab uylar sotib olayotgan juda boy odamlar. Ko’chmas mulkka ham qiziqish katta. Boylar yanada boyimoqda”, - deydi Vinter.

Darhaqiqat, Los Anjelesning “Rodeo Drive” ko’chasida sumka xarid qilgan malayziyalik ayol ham AQShda ko’chmas mulk ham sotib olish niyatida.