AQShda qora tanlilar va lotin amerikaliklarning o'zlashtirish ko'rsatkichi past

  • Amerika Ovozi

AQShda oqlar va osiyoliklar ta'limda qoralar va lotin amerikalik jamoalar farzandlaridan o'qishda o'zib ketishda davom etmoqda. Izlanishlar natijasi shundan darak bermoqda. Bunday tafovut uzoq yillardan beri katta muammolardan deya tilga olinadi. Talabalarning demografik tarkibida kuzatilayotgan o'zgarish ham masalani yanada chigallashtirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda ozchilik irq vakillarining ta'limi, Behzod Muhammadiy

Robin Choy va Jevel Primning o'qishda muvaffaqiyat qozonishini ta'minlayotgan narsa bir xil.

"Esimni taniganimdan beri o'qishni eng muhim narsa, deb o'rgatishgan", - deydi Prim.

"Ota-onam bolaligimdan menga ta'lim kasbiy hayot uchun sarmoya, deb uqtirishgan", - deydi Choy.

Har ikkisi Harbor Muallimlarni tayyorlash akademiyasida o'qiydi. Ammo hamma talabaning ham oilaviy muhiti ularnikidek emas. O'qituvchi Natali Kollierning aytishicha, agar bolalar yuqori sinfgacha asosiy bilimni egallab ulgurmasa, davom ettirishi qiyin bo'ladi. Ular yashaydigan joyning ham ahamiyati katta.

"Agar jamoalari ta'limga e'tibor qaratmasa, buning salbiy ta'siri bilinadi", - deydi Kollier.

Qora tanlilar va kelib chiqishi lotin amerikalik jamoalar farzandlari eng ko'p ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch keladi, deydi Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti professori Marselo Suarez-Orozko.

"Bunday bolalar irq, qashshoqlik, til va huquqiy maqomi bo'yicha boshqalardan ajrab qolgan, qoloq maktablarga qatnayapti", - deydi professor.

Bu esa ularning kollejdagi o'qishiga ziyon qiladi, deydi Kaliforniya Davlat universiteti tadqiqotchisi Ken Odonnel.

"Agar oilada kollejga kirgan birinchi avlod bo'lsangiz, ayniqsa qiyin. Bunday odamlarni o'qishda saqlab qolish uchun qattiqroq ishlashimiz kerak, chunki ularning suyaydigan odami yo'q", - deydi u.

Odonnel so'zlariga ko'ra, muammoning asoratlari uzoq yillar bilinadi.

"Tayyorgarligi zaif bolalarning o'qishni tashlab ketishi yoki kech bitirishi ehtimoli yuqori. Demak, ularning daromadi, baxti, sog'lig'i, ta'lim evaziga qo'lga kiritiladigan barcha ne'matlar bir necha yilga kechikishi yoki umuman bo'lmasligi mumkin", - deydi tadqiqotchi.

Ko'plab o'qituvchilar bolalar bilan ishlaganda, ular yuzlashadigan madaniy, til va iqtisodiy muammolarni inobatga oladi.

"Talabalaringizni, ular qayerdan, qaysi jamiyatdan ekanini bilishingiz kerak", - deydi Suarez-Orozko.

Studentlar muvaffaqiyatini ta'minlaydigan boshqa sabablar ham ko'p. Sinfxonadan tashqaridagi hayot va kundalik tashvishlarning yoshlar ta'limiga ta'siri katta.