"Islomiy davlat" ning Misrdagi bo'limi payshanba kuni Sinay yarimorolida xavfsizlik kuchlariga hamlalarni amalga oshirgan. Hujumlarda kamida 30 odam, asosan harbiylar halok bo'lgan.
Jangarilar puxta himoyalangan bu hududdagi harbiy baza, askarlar va politsiyachilar yashaydigan mehmonxonaga hujum qilgan.
O'sha atrofda hukumatga qarashli gazeta "al-Ahram"ning idorasi vayron qilingan. O'sha payt tahririyatda biror odam bo'lgan-bo'lmagani noaniq.
Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy xurujlar sababli Efiopiyaga safaridan erta qaytgani aytilmoqda.
Shuningdek, kecha chegaradagi Rafah o'tish punktida jangarilar misrlik ofitserini otib o'ldirgan.
Misrda 2013-yilda "Musulmon birodarlar" partiyasidan chiqqan prezident Muhammad Mursiy hukumatdan ag'darilganidan beri jangarilar xavfsizlik kuchlariga hamlalarga zo'r bergan.
Musulmon birodarlar jangarilarga aloqasi yo'qligini ta'kidlaydi. Biroq rasmiy Qohira nazarida bu ikki guruh o'rtasida farq yo'q.