AQSh Prezidenti Barak Obama Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissiyni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishga, Misr xalqining xohishlarini qondirishga chaqirdi.
Ikki prezident payshanba kuni telefonda gaplashib olgan. Barak Obama Misrdagi ommaviy sudlar, jurnalistlarni va faollarni qamashlar hamda nodavlat tashkilotlarning maqomini xavotir bilan tilga oldi.
Misrda shoshilinch kechgan sudlarda yuzlab muxolifatchilar o'limga mahkum qilingan. Qator jurnalistlar uzoq muddatli qamoq jazolarini o'tayapti.
Obama mamlakatda terror xurujlarida jabr ko'rgan fuqarolarga hamdardlik bildirdi. Amerika rahbari terrorizmga qarshi kurash va regional xavfsizlikni mustahkamlashda Misr bilan birga ishlashda davom etamiz, dedi.
Sissiy hukumati ishga tushganidan beri davlat tepasidan ag'darilgan sobiq prezident Muhammad Mursiy tarafdolariga qarshi kampaniya avjida.
Ommaviy ravishda qamoqqa olishlar davom etayapti, ayniqsa, muxolifat, xususan, Mursiyning Musulmon Birodarlar partiyasi a'zolari turmaga tashlanmoqda.