Misr Sinay yarimorolida "Islomiy davlat"ga qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Jozef Danfordning aytishicha, Misr harbiylari Sinay yarimorolida "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy amaliyot olib bormoqda.

AQSh hisobiga ko'ra, Sinayda 1000 tagacha "Islomiy davlat" jangarilari bor. Badaviy isyonchilar ham ularga yordam bermoqda, deydi Danford.

Sinay yarimoroli bir tomondan Misr, ikkinchi tomondan esa Isroil harbiylari tomonidan o'rab olingan bo'lsa-da, bu yerga so'nggi paytlarda butun Yaqin Sharq bo'ylab jangarilar kelmoqda.

"Sinaydagi "Islomiy davlat" va Raqqa o'rtasida bog'liqlik ko'ryapmiz. Liviya va boshqa joylardagi guruhlar bilan ham aloqalari bor. Biz ularni yaqindan kuzatyapmiz", - deydi general Danford.

General Danford so'zlovchisi kapitan Greg Xiksning aytishicha, Sinay yarim orolida "Islomiy davlat"ga qarshi olib borilayotgan harbiy amaliyotlarning halokatga uchragan Misr samolyotiga aloqasi yo'q.

Shu hafta O'rta dengizga qulagan Aerobus-320 samolyoti bortidagi 66 odamning barchasi halok bo'lgan.