18 kun davomida butun dunyo e’tiborini o’ziga tortgan voqealar natija berdi.
11 fevral kuni vitse-prezident Umar Sulaymon xalqqa murojaatida mamlakatni 30 yil boshqargan Husni Muborak iste’foga chiqqanini e’lon qildi.
Ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklarga qarshi bosh ko’targan misrlik yoshlar qo’rquvdan voz kechib, erkinlik yo’lida jon berishdan ham toymadi. Ba’zilar Misrdagi voqealarni “yoshlar inqilobi” deb ataydi.
Abu Bakr Mahluf ismli o’smir maydonga chiqqan minglab dovyurak yoshlardan biri.
“Hech ham o’ylamagan edim bir kun kelib shunday bo’lishini”, - deydi u.
Abu Bakr ilgari siyosatga qiziqmagan. Namoyishlar keng quloch yozgan "Tahrir" maydoniga uni qiziqqonlik yetakladi.
Erkinlikni qo’msagan, baralla ovozda Muborak iste'fosini talab qilayotgan tengqurlarimni ko’rib, men ham jo’shib ketdim, deydi u.
To’satdan politsiya ommaga qarata o’q ota boshladi. Abu Bakr arang omon qoldi.
“Birdan o’zimni erkin his qila boshladim. Ichimni g’alati bir tuyg’u qamrab oldi. Qo’rquvdan asar ham qolmadi. Atrofimda minglab, millionlab odamlar bor edi. O’zgarish bo’lshiga ishondim”, - deydi u.
O’sha kuni Abu Bakrga tosh tegdi. Uni zudlik bilan maydonda vaqtincha o’rnatilgan ko’chma shifoxonaga yetkazishadi.
“Besh daqiqa o’tar o’tmas, yirtilgan joyimni tikib qo’yishdi. Hamma narsa tartibli edi”, - deydi Abu Bakr.
Millionlab yosh misrliklar kabi Abu Bakr ham korrupsiya va poraxo’rlikdan to’yganini aytadi. Mana shu omillar, deydi u, Misrni hozirgi ahvolga olib keldi.
Abu Bakr o'z biznesiga ega, lekin uni yuritish oson bo’lmagan. "Hokimiyat tepasida eski avlod mahkam o’rnashib olgan. Ular bilan mamlakatimizning kelajagi yoq. Xususan, 82 yoshi qarshilagan Husni Muborak bilan".
“Biz yoshi kattalarni hurmat qiladigan xalqmiz. Lekin hurmat va ular tutgan noto’g’ri siyosatni ma’qullash orasida katta farq bor”, - deydi o'smir.
Shaharda ozodalikka e’tibor kamligi, tirbandlik, kambag’allik odamlarning jon-jonidan o’tgan. Namoyishlar natijasida iqtisodga yetkazilgan zarar hech narsa emas, deydi Abu Bakr.
“Boy bo’lish haqida umuman o’ylamay qo’ydim. Men uchun boylikning ahamiyati yo’q endi. Atrofimda shuncha yo’qsillar turganda”.
Narimon al-Hasin Londondagi banklardan biri ishlar edi. Qohira ko’chalari namoyishchilar bilan to’lgach, ular bilan birga bo’lish uchun vataniga qaytgan.
“Taqdirimizni o'zimiz belgilashni istaymiz. So’z erkinligi, vijdon erkinligi qaror topsin. Shuncha odam bekorga o’lib ketishi kerak emas”, - deydi u.
"Tahrir" maydonida shodiyonalar ... 80 millionlik Misr xalqi Muborak iste'fosini nishonlamoqda. Yoshlar 30 yillik yakkahokimlikka qarshi chiqib o’z huquqi, erkinligini himoya qila oldi.