AQShda Kongressga saylovlarda demokratlar mag'lubiyatga uchragach, prezident Obama muxolifatni hamkorlik va murosaga chaqirmoqda. Respublikachilar ta'biricha esa buning uchun prezident ularning siyosatini yoqlashi kerak.
Demokratlar Vakillar Palatasida mavqeini yo'qotganiga qaramay Senatda hali ham ko'pchilikni tashkil qiladi. Respublikachilar ilgari demokrat gubernatorlar boshqargan 11 shtatni ham qo'lga olgan.
Oq uydagi matbuot anjumanida jurnalistlar prezidentdan kayfiyatini so'raganida, Barak Obama "yaxshi emas" deya javob berdi. Saylov natijalari hamkorlikni kuchaytirish kerakligini namoyish etdi, deydi u.
"Saylovchilar nolasi shuki, siyosatchilar mas'uliyatli bo'lishi, murosa qilishni o'rganishi kerak", - deydi prezident.
Respublikachilar g'alabasidan so'ng Vakillar Palatasida spikerlikka kelayotgan Jon Beyner o'zgacha fikrda. Saylovchilar prezident siyosati o'zgarishini istab, shunday ovoz bergan, deydi u.
"Amerikaliklar hukumat xarajatlaridan charchagan. Ahvolni o'zgartirish uchun bizni saylashdi. Ish o'rinlarini tiklashga moyil muhit yaratishimizni istashadi", - deydi bo'lajak spiker.
Biroq Beyner qaysi sohalarda xarajatlar qisqarishini hozircha oshkor etmayapti.
Prezident Obama respublikachilar takliflariga quloq tutishga tayyorman, deydi, jumladan demokratlar yordamida qabul qilingan, ammo respublikachilar bekor qilishi kutilayotgan sog'liqni saqlash qonuni bo'yicha.
"Agar respublikachilarda sog'liqni saqlash tizimini yaxshilash bo'yicha jo'yali fikrlar bo'lsa, ularni o'rganib chiqishga tayyorman. Chunki eski sistema amerikaliklarga qimmatga tushmoqda. Agar respublikachilarda ishsizlikka barham berish yo'lida aniq reja bo'lsa-yu, biz uni hisobga olmagan bo'lsak, muxolifat bilan hamkorlikka tayyormiz", - deydi prezident.
Siyosiy tahlilchi Charli Kuk demokratlar mag'lubiyati hamma uchun kutilgan hol edi, deydi.
"Ishsizlik darajasi 9,6 foiz bo'lib turgan bir paytda, axir kimdir bunga javob berishi kerak ediku".
Yana bir mutaxassis Jon Fortye nazarida esa tarozi pallasining teng bo'lishi zarardan ko'ra ko'proq foyda keltiradi.
"Hukumatda kuchlar muvozanati bo'linishidan, ya'ni Kongress bir, prezidentlik esa ikkinchi partiya qo'lida bo'lishidan ijobiy natija ko'proq bo'ladi", - deydi u.
Biroq hozir boshqacha bo'lishi ham mumkin, deydi Fortye. Uning nazarida g'alabadan ruhlangan respublikachilar murosa yo'liga kirishi mavhum.
Kongressga saylovlarda muxolifatning qo'li baland kelib, bundan keyin prezident rejalarini amalga oshirish qiyin bo'lishi aytilmoqda.