Saylovdagi mavhumlik iqtisodiyotga ta'sir o'tkazmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikada saylov natijasiga doir mavhumlik iqtisodiyotga ta'sir qilishi aniqlangan. Tadqiqotchilar nazarida, buning bizneslarga ham salbiy ta'siri oshib bormoqda. Saylov mavsumida aksiyalar bozorida narxlar o'ynab tursa, iste'molchilar va kompaniyalar xaridlarini ortga surishadi. Bunday mavhumlikning butun iqtisodiyotga ta'siri qanday?

"Makroiqtisodiy maslahatchilar" firmasi tahliliga ko'ra, saylov kampaniyasida aytilgan so'zlar, soliq, savdo va boshqa masalalarda berilgan va'dalar iqtisodiyotga ta'sir qiladi.

Nomzodlarning imkoniyatlari o'zgarib borar ekan, bu eng yirik 500 kompaniyada o'z aksini topadi, deydi Joel Prakken.

"Klintonning g'alaba qilish ehtimoli oshsa, aksiyalar bahosi o'syapti. Agar imkoniyati kamaysa, qimmatbaho qog'ozlar narxlari ham tushadi", - deydi u.

Siyosat va siyosiy mavhumlikning bozor va iqtisodiyotga ta'siri oshmoqda, deydi Ayova universiteti professori Art Durnev.

Hozir 10, 20 yoki 30 yil oldinga qaraganda siyosatning moliyaviy bozorlarga ta'siri ancha oshgan", - deydi u.

Chunki soliq va boshqaruvga oid bahslar ishlab chiqarishga ta'sir o'tkazadi.

Tadqiqot natijalariga ko'ra, bunday holatlarda kompaniyalar hissalarini sotish kabi muhim qarorlarni ortga suradi.

"Sarmoyani ushlab turishadi, pulni ishlatishmaydi. Katta kompaniyalar odam yollashni kechiktiradi. Hamma narsa ortga suriladi", - deydi Durnev.

Iste'molchilar ham sarf-xarajat qilishda ehtiyot bo'lishga o'tadi, deydi tadqiqotchi Joel Prakken.

"Mashina, uy sotib olish, biznes boshlash, sarmoya kiritish kabi qarorlarni qabul qilishga shoshmaydilar. Agar buning uchun muhit mavhum bo'lsa, bir muddat to'xtab, noaniqliklar hal bo'lguncha kutib turishadi", - deydi u.

"Ammo siyosiy mavhumlikning ta'siri yoqilg'i narxi, kredit foizi yoki korporatsiyalar bashorati kabi omillardan kattaroqmi yoki kichikroqmi" degan savolga aniq javob yo'q.

"Bozorning fundamental qiymatiga qaraganda mavhumlikning o'rni qanchalik bo'lishi yuzasidan iqtisodchilar o'rtasida kelishmovchilik bor", - deydi tadqiqotchi Bill Galston.

Siyosiy mavhumlik saylovdan keyin ham tugamaydi. Masalan, agar demokrat Xillari Klinton yutsa, u o'z dasturini Kongressdan o'tkazishi kerak. Biroq qonunchilik organida kamida bitta palata respublikachilar nazoratida bo'lishi kutilyapti.