AQShda prezidentlik uchun kurash muhim pallaga kirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Nomzodlarni shtatma-shtat tanlash, partiyaviy saylovlar, 1-fevralda Ayova shtatida boshlanadi. Asosiy e'tibor eng ko'p nomzodga ega Respublikachilar partiyasida. Prezident saylovi yil oxiriga borib, 8-noyabrda o'tadi. Ungacha respublikachilar va demokratlar asosiy nomzodini tanlab bo'lishi kerak.

Milliarder nomzod Donald Tramp poygada birinchi ketmoqda. Ammo so'nggi paytlarda raqiblari reytingida ham o'sish kuzatilmoqda.

"So'raydigan bo'lsangiz, aytib qo'yay. Hillari Klinton eng ko'p qo'rqadigan nomzod menman. Bunga shubhangiz bo'lmasin", - deydi Tramp.

Ayova saylovi yaqinlashar ekan, Tramp o'z mablag'idan siyosiy reklama chiqardi.

"U IShIDning boshini olib, neftini egallaydi va janubiy chegarada Meksika hisobidan noqonuniy muhojirlarni to'xtatadigan devor quradi", - deyiladi ushbu reklamada.

Texasdan senator Ted Kruz Ayovada Trampning asosiy raqibi.

"Men va bu bahs sahnasida turgan boshqa ajoyib ayol va erkaklar o'rtasidagi eng katta farq shuki, agar men nimanidir qilaman desam, o'sha narsani, albatta, aytganimdek bajaraman", - deydi Kruz.

Asosiy da'vogar sifatida ko'rilgan Jeb Bush so'rovlarda orqada, ammo Trampni qoralashda davom etmoqda.

"Donald Tramp nomzodlikka jiddiy qaramayapti. U yaxshi siyosatchi, o'rni bor. Ammo tartibsiz nomzod. Prezident bo'lsa, hamma yoqni alg'ov-dalg'ov qiladi", - deydi Jeb Bush.

Tramp, Kruz va Ben Karsonning oldinda borayotgani odamlar siyosatchilardan bezganini ko'rsatdi, deydi Allan Lixtman.

"Bu yil respublikachilar uchun yaxshi yil emas. Ular saylovchilarga yoqadigan biror narsa taqdim eta olmayapti", - deydi tadqiqotchi.

Demokratlardan esa Hillari Klinton asosiy da'vogar. Ba'zan u Trampga ham e'tibor qaratadi.

"Birovning ustidan kuladiganlarga qarshi tura olishimiz muhim. Prezidentlikka bunday odamlarning kelishiga yo'l qo'ya olmaymiz, chunki bu biz amerikaliklarga xos emas", - deydi u.

Uning turmush o'rtog'i, sobiq prezident Bil Klinton ham kampaniyada faol ishtirok etishni boshladi.

"Prezidentlik uchun Hillaridan ko'ra loyiqroq boshqa bir odam bo'lganini hayotimda hech ko'rmaganman", - deydi u.

Vermontdan senator Berni Sanders Klinton uchun asosiy raqib.

"Barcha boylik va daromad eng tepadagi bir foiz odamlarga ketayotganidan jahlimiz chiqadi. Bolangizni bog'chaga berishga yoki kollejga jo'natishga qurbingiz yetmasachi? G'azablanishga haqqingiz bor", - deydi Sanders.

Partiyaviy saylovning ikkinchisi Nyu-Xempshir shtatida 9-fevralda o'tadi.