Turkiyada prezident va parlament saylovlariga 5 kun qoldi

  • Amerika Ovozi

Dushanba kuni Erdog’an Edirne shahrida minglab tarafdorlari oldida so’zlab, muxolifatni tartibsizlikni qo’zg’atishga harakatda, terrorchilarga yon bosayotganlikda aybladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-may, 2023-yil

Erdog’an bundan bir kun oldin Erzurum viloyatidagi voqeaga ishora qildi. Istanbul hokimi Akram Imomo’g’li birlashgan muxolifatdan nomzod Kamol Qilichdoro’g’li uchun tashviqot qilayotgan payt uning avtobusiga toshlar yog’dirildi. Imomo’g’li avtobus tepasiga chiqib gapirayotgan edi. Hokim politsiyani uni himoya qilmaganlikda aybladi. Qilichdoro’g’li saylovda g’alaba qozongan taqdirda Imomo’g’liga vitse-prezident lavozimi va’da qilingan.

Erdog’an va uning partiyasining bildirishicha, muxolifat bunday provokatsiya bilan bo’lajak mag’lubiyatini oqlashga harakat qilmoqda.

Saylovga 5 kun qolganda ijtimoiy so’rovlar Qilichdoro’g’liga ko’p ovoz bermoqda. Ba’zi kuzatuvchilar nazarida, zilziladan jabr ko’rgan hududlar aholisining fikri va kayfiyati saylov natijasiga ta’sir qilishi mumkin.

Antakiya shahrida tabiiy ofatdan minglab odam nobud bo’ldi, millionlab turklar uysiz qoldi. Ko’plar buni hukumatning tezkor chora ko’rmaganidan bilmoqda.

"Bunday sharoitda saylovga tayyor emasmiz. Bizga o’xshagan minglab odam saylovga chiqishga tayyor emas. Saylovning mavridi emas hozir ”, - deydi Hatay viloyatining rasmiysi Junayd O’fkeli.

Zilzila ketidan mamlakatda markaziy hukumatning obro’si tushib ketdi. Iqtisodiy muammolar, yuqori inflyatsiya ham saylov natijasiga ta’sir qiluvchi omillar.

Yana bir omil – turkiyalik kurdlar. Saylovdan oldin ommaviy hibsga olishlar muxolifat va huquq faollarini xavotirga solmoqda.

Kurdlarga xayrixoh “Yashil so’lchilar” partiyasidan deputatlikka nomzod So’rgul Aytek Avsharning aytishicha, saylovdan oldin kurd millatiga mansub bir necha hokim va qonunchi hibsga olindi.

“Hammamizga bosim qo’yishyapti. Deputat bo’lasizmi, nomzod bo’lasizmi yoki ularning yordamchilari, hech kim himoyalanmagan”, - deydi u.

Kurd matbuotchilari ham bosim ostida. O’tgan oy bir necha jurnalist hibsga olindi.

“Muxbirlarni noqonuniy tashkilotga a’zolikda ayblashyapti, ammo pichoqqa ilinadigan dalil topisha olmayapti. Hukumat kurdlar qanday ovoz berishidan xavotirda”, - deydi “Mesopotamiya agentligi” bosh muharriri Arjin Dilek O’njel.

Muxbirlardan tashqari bir necha advokat ham hibsga olindi. 200 dan ortiq odam ushlangan.

“Nega hozir hibsga olinishganini tushunsa bo’ladi, axir bu odamlar saylovni faol kuzatish bilan shug’ullangan. Saylovdagi qonunbuzarliklarni aniqlab, oldini ololadigan odamlar bu”, - deydi Diyorbakirdagi Inson huquqlari uyushmasidan Abdulla Zaytun.

Kurdlar Turkiya aholisining beshdan bir qismini tashkil etadi. Ularning ovozlari saylov taqdirini hal qilishi mumkin.

Qilichdoro’g’li qamalgan kurd siyosatchilarini ozod etishga va konstitutsiyani isloh qilishga so’z berishi ketidan kurdlar endi birlashgan muxolifatni qo’llab-quvvatlay boshladi.

“Bu tarixiy saylov. Respublikamizning ikkinchi yuzyillikka qadam qo’yishi bilan bir paytda o’tyapti. Uning demokratik bo’lishini, inson huquqlarini hurmat qilmaydigan qotib qolgan eski tuzum yangilanishini istaymiz”, - deydi kurdlar partiyasidan nomzod.