AQShdagi prezidentlik saylovida Rossiya va Prezident Putin nomi tez-tez tilga olinmoqda. Demokratlar partiya komputerlariga qilingan hujumlar ortida Moskva turgani rasman e'lon qilindi. Putin bu ayblovlarni inkor qiladi. Ammo bu demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp kelisha olmayotgan mavzulardan faqat bittasi, xolos.
So'nggi ikki yil ichida Rossiya tashqi siyosati tajovuzkor ko'rinish oldi. Kreml, bir tomondan, Qrimni bosib olib, Ukraina sharqida isyonchilarni qo'llab-quvvatlagan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Bashar Assad rejimini himoya qilib Suriyadagi harbiy amaliyotlarga qo'shildi.
AQSh siyosatidagi bahslarda bu o'z aksini topmoqda. Demokrat Hillari Klinton Rossiyaga nisbatan keskin qarashda.
"Bu yerda Rossiyanng tajovuzkorligi va yashirin maqsadlari haqida gap ketayotganini tushunaylik. Rossiya Suriyani qo'lga olishga qaror qildi. AQSh prezidenti kim bo'lishini xohlashini ham ko'rsatdi va u men emas", - dedi Klinton.
O'rtada shaxsiy adovat bor, deydi bir tahlilchi.
"Putin 2012-yil uning hokimiyatga kelishiga qarshi o'tkazilgan namoyishlarda Klintonning, xususan, AQSh va Davlat departamentining qo'li bor, deb hisoblaydi", - dedi Tomas Rayt.
Donald Tramp Putin haqida bildirgan ijobiy fikrlarini izohlashga harakat qildi.
"Putinni xush ko'raman demayman, undan nafratlanmayman ham. Uning qanday ishlashini ko'ramiz. Yaxshi aloqa o'rnatishim mumkin. Balki aloqamiz juda yomon bo'lar. Yoki o'rtacha munosabatga ega bo'larmiz", - dedi Tramp.
Trampning Rossiyaga oid qarashi yetakchi respublikachi va demokrat siyosatchilar yondashuvidan keskin farq qiladi.
"NATOning eskirgani, Yevropa Ittifoqini yo'q qilish, Rossiyaning Sharqiy Yevropada va Suriyada xohlaganini qilishiga yo'l qo'yib berish haqidagi Tramp bayonotlari Putinning maqsadlariga rosa mos tushadi", - deydi tahlilchi Malkom Nens.
Klinton va boshqalar ko'rayotgan tajovuzda Tramp imkoniyat ko'rmoqda.
"Rossiya bilan kelishib ishlasak yaxshi bo'lardi, chunki, masalan, IShIDga qarshi birga kurashamiz", - deydi Tramp.
Klintonga ko'ra, saylov kampaniyasiga oid elektron maktublarning xakerlar tomonidan o'g'irlangani Putinning Donald Trampni navbatdagi AQSh prezidenti qilishga urinayotganini ko'rsatgan.
Tramp esa jamoatchilikni maktublarni kim o'g'irlaganiga emas, balki ularda nimalar yozilganiga e'tibor qaratishga chaqirmoqda.