Din

Qonunchi Ellison: "Islomiy davlat" mafkurasini yakson qilamiz

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Kongressi a'zosi Kit Ellison "Islomiy davlat" guruhining ashaddiy tanqidchilaridan. "Amerika Ovozi"ning afg'on xizmati bilan suhbatda u terrorchi guruhning ta'limoti va kurash uslubini keskin qoraladi.

"Islomiy davlat" islomiy ham emas, davlat ham emas. Butun harakat yer yuzida islomiy jannat quramiz degan yolg'on asosida qurilgan", - deydi Vakillar palatasining musulmon a'zosi.

"Ular kazzoblar, ayollarni zo'rlaydi, odamlarni qiynaydi. Islomda murdani tahqirlash taqiqlangan. Ular shuni ham qiladi. Odamlarni yoqishadi. Ularning hech bir ishini Qur'on yoki hadis yoqlamaydi", - deydi Ellison.

Kit Ellison demokrat, Kongressga Minnesota shtatidan saylangan. Vakillar Palatasining Moliyaviy xizmatlar qo'mitasi a'zosi. Uning shtatida bir nechta somalilik yoshlarning "Islomiy davlat"ga qo'shilishga uringani yuzasidan sud ishi ketmoqda.

"Islomiy davlat" Ellisonni "siyosiy faol murtadlar" ro'yxatiga kiritgan. Bu ro'yxatda AQSh, Avstraliya, Britaniya va Kanadada terrorchi guruhga qarshi kurash olib borayotgan faol musulmonlar bor.

"Islomiy davlat" ijtimoiy tarmoqlarga bu shaxslarning suratlarini ham joylagan. Guruh rahbari Abu Bakr Bag'dodiyning suratlarga ilova sifatida qo'yilgan bayonotiga ko'ra, agar bu shaxslar tavba qilib guruhga qo'shilsa, gunohlari kechiriladi.

Ellisonning aytishicha, bu to'daning qilmishlari g'ayriislomiy bo'lib, unga adashib qo'shilgan ko'plab odamlar hozir Suriya, Iroq va Afg'onistondan qochib kelmoqda.

Men bu terrorchi guruhdan qo'rqmayman va IShID mafkurasiga qarshi kurashni davom ettiraman, deydi qonunchi.

"Sen yovuz va bema'nisan. Butun mafkurangni yakson qilaman", - deydi Ellison jangari to'daga qarata.

Minnesota shtatida davom etayotgan sud ishida "Islomiy davlat"ning AQShdagi somalilik yoshlarni o'ziga qanday og'dirayotgani masalasi o'rganilmoqda. 2014-yildan beri huquq-tartibot organlari xodimlari Suriyaga jo'nab ketishni rejalagan to'qqiz yigitni hibsga olgan.

Ayblanuvchilarning sudda aytishicha, ular guruhning ijtimoiy tarmoqlardagi da'vatlari va videolaridan ta'sirlangan.

Ellison yoshlarni ogoh bo'lishga va terrorchilar tuzog'iga tushib qolmaslikka chaqiradi.

"Yoshlardan IShID yolg'onlarini yaxshilab tekshirishlarini, guruhni tark etishlarini va u aytayotgan hech bir ishni qo'llab-quvvatlamasliklarini so'rayman", - deydi u.

Qonunchi, shuningdek, musulmon amerikaliklarni kelayotgan prezident saylovlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.

"Agar e'tiqodingiz Qur'onga asoslangan bo'lsa, jamiyatni yaxshiroq qilish uchun ma'naviy burchingiz borligini ham unutmang", - deydi u.

Qonunchining ta'kidlashicha, musulmonlar hayotini yaxshilashning to'g'ri yo'li shu.