O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi (YI) o`rtasidagi aloqalarda inson huquqlari, demokratik tamoyillar, siyosiy islohotlar masalasida o’zaro manfaatlar tan olinayotgandek.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bu haqda Bryusselda ikki tomonlama hamkorlik kengashining navbatdagi yig`ilishi ketidan aytgan.
Yevropa Ittifoqi Prezident Shavkat Mirziyoyevdan real islohotlar olib borishni kutmoqda. Blok nazarida Toshkent hamon o`ta ehtiyotkor. Ayni damda Yevropa Ittifoqiga Estoniya raislik qilmoqda. Bu davlat Tashqi ishlar vaziri Sven Mikser muloqotni boshqardi.
Kecha Bryusseldagi uchrashuvlar yuzasidan o'tgan matbuot anjumanida (VIDEO) Komilov bu galgi muloqot avvalgilaridan o’zgacha bo’lganini tan oldi.
“Bugungi uchrashuvimiz hozirgacha bo`lganlaridan ko`p tomonlari bilan farq qiladi. Men bu farqlarni nimalarda ko`rayapman: birinchidan, biz ko`pqirrali hamkorlikni belgilab oldik; ikkinchidan, O`zbekiston ham, YI ham og`ir damlarni boshdan o`tkazdi; biz YI “Breksit” majarosidan kuchli va muvofiqlashgan holda chiqqanni olqishlaymiz; uchinchidan, bizda besh yo`nalish bo`yicha rivojlanish strategiyasi qabul qilingan va bu strategiya ko`p jihatdan YI yangi strategiyasi bilan uyg`un, o`zaro hamkorlik rivojiga yaxshi asos. Bugungi uchrashuvimizni ajratib turgan yana bir jihat, biz bir qator nozik masalalarda hamfikrlikka kelayapmiz, jumladan inson huquqlari, demokartik qadriyatlar, umuman siyosiy islohotlar masalasida”, - dedi Komilov.
Your browser doesn’t support HTML5
Londondagi Markaziy Osiyo instituti eksperti Alisher Ilhomov ham Komilov yetakchiligidagi delegatsiya muzokalarini kuzatgan. Uning tahlilicha, tashqi iqtisodiy investitsiyalarga o`ta muhtoj Toshkent xorijdagi hamkorlarini islohotlar kutilayotganiga ishontirishda davom etmoqda.
“Mirziyoyev hokimiyatga kelishidan biznes, tadbirkorlik uchun sharoitlar yaratish, islohotlar o`tkazish va`dalari YI tomonidan ham e`tiborsiz qolmadi. YI O`zbekiston to`qimachilik mahsulotlariga qo`yilgan taqiqini olib tashladi, xalqaro moliyaviy tashkilotlar sharoit yuzasidan muzokaralar boshlashdi. Yevroittifoqda umid uyg`ongan, chunki bu ittifoq yopiq davlatlar bilan hamkorlikka bormaydi. O`zbekiston o`z navbatida islohotlar va`dasini bermoqda. Bu slohotlar bo`lmas ekan, mamlakat uchun o`ta zarur investitsiyalar kelmaydi. Nazarimda, xorij sarmoyasini jalb etish Komilov yetakchligidagi vazirlikning asosiy vazifasi sifatida belgilangandek. Har holda Komilov asosiy diqqatni shunga qaratdi, sarmoyalarni himoylash uchun hatto sud tizimi isloh qilinayotgani haqida ochiq gapirdi”, - deydi Ilhomov.
Bryusseldagi muzokaralar natijasida Yevroittifoq bilan qishloq xo`jalgini rivojlantirishga qaratilgan 21 million yevrolik shartnoma imzolagan.
Bu mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida imzolanayotgan dastlabki bitim. Loyiha Yevropa Banki rahbariyatining Toshkentdagi muzokalarida ham ta`kidlangan edi.
Islom Karimov prezidentligi davrida muzlatilgan tashqi aloqalar o`zgarar ekan, bu o`zgarishlar nafaqat qo`shni davlatlar va Rossiya, balki Yevropa Ittifoqi misolida ham kuzatilayapti.
So`nggi yarim yilda Yevropa Ittifoqidagi ikki yirik xalqaro moliyaviy inistitut – Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki va Yevopa Investitsiya Banki rahbarlari O`zbekistonda bo’ldi.
Aksiyadorlari faqat Yevropa Ittifoqi a`zolaridan iborat bo`lgan Yevropa investitsiya banki dunyodagi eng yirik sarmoyaviy idoralardan biri hisoblanadi. Bankning vitse prezidenti Vazil Xudak may oyida Toshkentga safar qilib, faoliyat boshlash masalasida hukumat rasmiylari bilan muzokalar o`tkazib qaytgan edi.
Yevroittifoq doirasidagi yana bir bank YTTB ham O`zbekistonda cheklangan tarzda faoliyat yuritib kelayotgan edi, bank rahbari Suma Chakrabartini prezident Mirziyoyev bilan Toshkentda o`tgan uchrashuvi natijasida hamkolik ko`lami bir necha barobar kengayishi e`lon qilindi.
Hozircha YTTBning O`zbekistondagi faoliyatida ta`kidlangan darajada o`zgarishlar yo`q, ekspertlarga ko`ra moliyaviy tashkilotlar faollashishi Mirziyoyev va`da berayotgan islohotlarga taqalib turibdi.
“YTTB hozir O`zbekistonga nisbatan o`z strategiyasini hozirlamoqda. Bu keyinchalik e`lon qilinishi mumkin. YIB ham yirik moliyaviy tashkilot. Men ularning strategiyasi bilan yaxshi tanish emasman, ammo hozir Yevropa Ittifoqi doirasida O`zbekistonga nisbatan harakat, qiziqishlar hammasi avans tariqasida, ya’ni real islohotlarning o`zi yo`q. Lekin bo`ladi degan umid hisobiga qo`yilayotgan qadamlardir”, - deydi Ilhomov.
Tashqi ishlar vaziri Komilov Bryusselda yana bir nechta hamkorlik hujjatlari imzolagan.