Yevropa o'z gazini qazish niyatida

  • Amerika Ovozi

Ukrainadagi siyosiy inqiroz, xususan Kiyevning Moskva bilan tabiiy gaz importi atrofidagi mojarosi Yevropa davlatlarini Rossiya gazidan qaramlikni ko’rib chiqishga majbur qildi. Ayrim davlatlar o’z hududida tabiiy gazni xususan gidravlik fraking uslubi bilan qazib olishni rejalamoqda. Ammo bu metodga qarshilar ko’p.

Yevropaning aksariyat davlatlari Rossiya gaziga qaram. Ammo qit’aning o’zida 13 trillion metr kub slanets gazi borligi aytiladi.

Fransiya, Polsha va Ukraina eng katta zaxiralarga ega, Ruminiya, Bolgariya va Britaniyada ham slanets bor.

Vashingtondagi Vudro Vilson markazidan Lusiya Sibert deydiki, katta gaz zaxiralari va Ukrainadagi mojaro Yevropa gaziga e’tiborni oshirdi.

“Energiya xavfsizligi haqida gapiradigan bo’lsak, bu nafaqat gaz ta’minoti masalasi, balki uni yetkazib berishdagi barqarorlik muammosi ham. Bu sohada bir o’zgarishni kutish mumkin – Yevropa Ittifoqida slanets gazini qazish tezlashadi,” - deydi u.

Yevropa hali-beri slanets gazini tijoriy ko’lamda qazib ola boshlamaydi. Masalan, Polsha, Britaniya va Ruminiya bunday ishlarga 2020-yildan keyin kirishishi mumkin.

Ayni vaqtda slanets gazini qazib olishning gidravlik fraking nomini olgan uslubiga qarshilar ham bor. Yevropada gaz konlari aholi zich yashaydigan hududlarga yaqin. Tabiat muhofazasi bilan shug’ullanadigan tashkilotlar jarayonda suv va havoga zaharli moddalar chiqishidan ogohlantirmoqda.

Boz ustiga siyosiy muammolar ham talay. Erik Styuart Ruminiya-Amerika va Polsha-Amerika biznes kengashlari prezidenti. Yevropada soliqlar va qattiq talablar gaz qazib olish kompaniyalari ishini qiyinlashtiradi, deydi.

“Polsha va Markaziy Yevropaning boshqa mamlakatlarida AQShga qaraganda gaz qazib olish ancha mushkul. Shuning uchun avvalambor gaz hajmi qanchaligi va uni qazib olish naqadar qiyin bo’lishini bilish kerak,” - deydi Styuart.

Energiya kompaniyalari ekologik tashkilotlar barobarida jamoatchilik qarshiligini ham hal qilisi kerak.

AQShning Litvadagi sobiq elchisi Kit Smit hozir Yevropa siyosati tahlili markazida tadqiqot o’tkazmoqda, fraking uslubi bo’yicha mutaxassis. Yevropaning gaz ehtiyojlarini nafaqat an’anaviy energiya turlari, balki quyosh va shamol kabi yangilanadigan energiya manbalari hisobidan qoplash kerak, deydi.

“Gidravlik fraking Yevropa energetik xavfsizligini ta’minlab beradigan muhim element, va u uzoq vaqt talab qiladi. Ammo bu bitta omil, xolos. Qilinadigan boshqa ishlar juda ko’p,” - deydi diplomat.

Yevropaga gaz Rossiyadan Ukraina orqali yetkaziladi. Ammo so’nggi oylarda Ukraina “Gazprom” kompaniyasiga gaz uchun pul to’lay olmayapti. Kiyevdagi yangi hukumat Rossiya qarshiligiga qaramay Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy shartnoma imzoladi. Kreml esa bunga javoban Ukrainaga boshqa gaz bermasligini aytmoqda. Natijada Yevropa ham gazdan quruq qolishi mumkin.

Lusiya Siber so’zlariga ko’ra, faqat slanets gazi yordamida Yevropa to’la energetik mustaqillikka erisha olmaydi, biroq Rossiyaga qaramligini ancha kamaytiradi. Bundan nafaqat Yevropa, balki Rossiya ham foyda ko’radi, chunki Moskva iqtisodining boshqa sohalarini rivojlantirib, energiya eksportiga tobeligini kamaytirishi kerak.