Germaniya qochqinlarning og'irini birga ko'tarishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Germaniya chegarasida qochqinlar qabul qilinmoqda

Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlari Bryusselda ko'rishib, oxiri tugamaydigan qochqinlar oqimi bilan birgalikda shug'ullanish haqida gaplashmoqda.

Migranlarning ko'pi Yevropaning istagan davlati emas, balki aynan Germaniyaga borishni xohlaydi. Ommaviy migratsiya Berlinni Avstriya bilan chegarada pasport nazoratini vaqtincha qayta tiklashga majbur qilgan.

"Bu nihoyatda zarur chora", - deydi Germaniya Ichki ishlar vaziri Tomas de Mazye.

"Germaniya oxirgi haftalarda qochqinlarga yordam qo'lini cho'zdi, lekin o'zi yolg'iz buning og'irini eplay olmaydi. Germaniya gumanitar mas'uliyatni bo'yniga olayapti, ammo qochqinlarni Yevropa teng taqsimlashi muhim", - deydi u.

Germaniya va Avstriya yaqinda Vengriyaning og'irini yengillatish uchun ko'plab qochoqlarni bag'riga oldi.

Vengriya hukumati esa hozir qo'shni Serbiya bilan chegara simlarini mustahkamlash ustida ishlayapti.

"Ahvol juda unaqangi yaxshi emas", - deydi BMT xodimi. "Vengriya rasmiylarini qochqinlarni qabul qilish punktlarida sharoitni yaxshilashga undayapmiz. Ko'rib turibsiz, hozir gaplashayotganimizda ham ayollar va bolalar yog'ilib kelayapti. Ular bir necha kun piyoda yo'l bosib kelmoqda. Tirik insonlar-ku. Urush va nizolardan qochib kelishayapti-ku. Ularga shafqat qilish kerak", - deydi u.

Vengriya hukumati seshanba kundan e'tiboran chegaragachilardan qochishga uringan migrantlarni sud qilmoqchi.

Joriy yilning o'zida O'rta dengizdan Yevropaga 430 ming qochqin o'tgan. Aksariyati Iroq va Suriyadan. 3 mingdan ziyod odam yo'lda nobud bo'lgan.

Yevropaning ayrim a'zolari qochoqlar qit'aga yog'ilib kelishida Germaniyani ayblamoqda. Berlin, o'z navbatida, a'zo davlatlar mas'uliyatni birday bo'yniga olishdan bosh tortayotganidan g'azabda.