Iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan yevropaliklar Shengen zonasidan ne foyda, degan savolni o’rtaga tashlamoqda. Umumiy viza hududi qit’aning yutuqlaridan biri hisoblansa-da, uning oqibatlari sirasida noqonuniy immigratsiya, jinoyatchilik va korrupsiya kabi muammolarni sanab o’tish mumkin.
Yevropaliklar uchun qit’aning 17 mamlakatida yagona valyuta - yevrodan foydalanish yoki chegara nimaligini bilmay viza va pasportsiz sayohat qilish – odatiy hol. Shengen hududini tashkil etadigan 25 davlat orasida hatto Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lmagan Norvegiya va Shveytsariya ham bor. Ittifoqning ichki ishlar bo’yicha komissari Sesiliya Malmstrom amaldagi tartibning muhimligini urg’ulaydi:
“O’ylaymanki, Shengen shartnomasining Yevropa Ittifoqi fuqarolari uchun foydasi kattaligi aniq. Biz ushbu yutuqni saqlab qolishimiz kerak. Davlatlararo biznes yuritish va umuman yashash uchun qulay. Yagona viza hududi bizga katta foyda olib keldi”, - deydi rasmiy.
Lekin bugunga kelib “Shengendan foyda ko’proqmi yoki zarar?”, degan savol o’rtaga tashlanmoqda. A’zo davlatlar o’tgan hafta Ruminiya va Bolgariyaning a’zolik arizasini rad etdi. Chunki, deydi rasmiylar, bu ikki mamlakat korrupsiya, jinoyatchilik va noqonuniy migratsiyaga qarshi yetarli choralar ko’rmagan.
Germaniya, Ispaniya, Daniya va Fransiya yagona viza hududi joriy etilganidan buyon noqonuniy muhojirlar soni ko’payganidan shikoyat qilib keladi. Fransiya shu yil boshida Italiya bilan chegara bo’ylab nazorat punktlarini tiklashga qaror qildi.
Bryusseldagi iqtisodiy islohot markazining immiratsiya masalalari bo’yicha eksperti Xyugo Bredi deydiki:
“Shengen hududida shunday siyosat olib boriladi-ki, har bir davlat boshqalar ustidan nazorat o’rnatgisi keladi, lekin nazorat qilinishni xohlamaydi”.
Bugungi kunda, Shengen shartnomasiga qarshi fikr bildirayotgan siyosatdonlar omma orasida obro’ qozonmoqda. Fransiyaning Milliy Front partiyasi a’zosi Bruno Gollnish amaldagi qonun-qoidalarni keskinlashtirish yoki umuman bekor qilish kerak, deb hisoblaydi.
“Fransiya millionlab muhojirlarga to’lib ketdi, buning natijasida ijtimoiy muammolar ham talay. Mamlakat aholisi ular hisobiga ko’payib borayapti, shaharlarda ham, qishloqda ham. Ularga nisbatan boshqacha siyosat qo’llash kerak. Bizga kelayotgan odamlarni boshqa hukumatlar bilan hamkorlikda vataniga qaytarib yuborish kerak”, - deydi fransuz qonunchi.
Chuqur moliyaviy inqirozga yuz tutgan Gretsiya ham migratsiya masalalarini hal etishga majbur. Yevropa Ittifoqining "Frontex" deb nomlangan chegara agentligi Gretsiya sarhadlarini kuzatib kelmoqda.
Ittifoq davlatlarini birin-ketin qamragan iqtisodiy bo’hron sababli yagona valyuta taqdiri ham noma’lum. Yevroning bekor qilinishi ehtimoldan xoli emas. Bu esa Shengen zonasining bekor qilinishiga olib kelishi mumkin, deyishmoqda mutaxassislar.
Immigratsiya bo’yicha ekspertlar Yevropa mamlakatlarini umumiy viza hududini bekor qilish o’rniga chegara nazoratini oshirishga, mukammal bir tizim joriy etishga da’vat etadi.