Hamkorlik shartlarini yangilayotgan O’zbekiston-Yevropa Ittifoqi muzokaralari faollashgan. Bryusseldagi forumda taqiqdan xalos bo’lgan o’zbek paxtasi, majburiy mehnat masalasi muhokama qilingan. Toshkentda ikki tomonlama, shuningdek, Afg’oniston yo’nalishi bo’yicha hamkorlik yuzasidan muzokaralar o'tgan. Yevropa Ittifoqi Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlariga umid bilan qarayapti, Yevroparlament esa O’zbekistonda siyosiy islohotlar boshlanishini kutmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
1-aprel kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Piter Burian va Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Roland Kobia Toshkentda O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev bilan muzokara o’tkazishgan.
Uchrashuvda O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha tashabbuslari, xususan iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan, madaniy gumanitar sohadagi mavjud loyihalari muhokama qilingan.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi buning ortidan Afg’oniston bo’yicha mavjud tashabbuslar bilan bevosita tanishish maqsadida Surxondaryoda ham bo’lgan.
Bryusselda esa O’zbekistondagi majburiy mehnat masalasiga doir forum bo'lib o'tdi. Unda Bosh vazir o’rinbosari Tanzila Norboyeva boshliq delegatsiya qatnashgan. Tashqi ishlar vazirligi majburiy mehnat muammosiga barham berilgani forumda qayd etilgani to'g'risida xabar tarqatdi.
Rasmiy xabarga ko’ra, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh kotibi o’rinbosari Hayns Kyoller, o’tkazilgan monitoring natijalariga tayanib, O’zbekistonda bolalar mehnati, shuningdek, majburiy mehnatdan foydalanish tajribasiga barham berilganini ta’kidlagan.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari O’zbekistondagi islohotlarni qo’llab-quvvatlash, jumladan, qishloq xo’jaligi sohasiga ham turli loyihalar bilan ko’mak berishga va’da bergan.
Avvalroq AQSh hukumati majburiy mehnat orqali yetishtirilgan o’zbek paxtasiga qo’yilgan taqiqni bekor qilgan edi.
Yevropa-O’zbekiston muzokaralari tomonlar o’rtasida mavjud hamkorlik shartnomasining yangilanishi arafasida kuzatilmoqda. O’tgan oy Yevroparlament O’zbekiston bilan yangi hamkorlik shartnomasiga kirishayotgan Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga o’z tavsiyalarini bergan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Yevrodeputatlar tasdig‘idan o’tgan bu tavsiyada Ittifoq rahbariyatiga O’zbekistondagi islohotlarni, ayniqsa so’z erkinligi, adliya, siyosiy sohadagi o’zgarishlarning demokratik tamoyillarga ko’ra amalga oshishini monitoring qilish maslahat beriladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo’yicha rahbari Federika Mogerini shu vaqtgacha ikki bor O’zbekistonda bo’ldi. Uning safarlari asosan O’zbekistonning Afg’oniston va Markaziy Osiyo bo’yicha tashabbuslari bilan bog’liq edi. Mogerini O’zbekistonda Afg’oniston vaMarkaziy Osiyo bo’yicha uyushtirilgan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etdi.
Siyosatshunos Farxod Tolipov O’zbekiston-Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi yangi hamkorlik bitimiga doir muhokamalarda qatnashgan ekspertlardan biri. Unga ko’ra, blok O’zbekiston tashabbuslarini qo’llab kelmoqda.
“E’tirof etish kerak, Toshkent tashabbuslari e’tiborsiz qolayotgani yo’q - AQSh, Yevropa ham qo’llab kelyapti. Ammo mohiyat baribir bu tashabbuslarni qanchalik amaliyotga ko’chishida qoladi. Masalan, Afg’onistondagi vaziyat qanchalik o’zgaradi, bu tashabbus tinchlik o’rnatilishiga qanday hissa qo’shadi. Umuman, O’zbekiston bilan hozirlanayotgan yangi strategiya bizdagi o’zgarishlardan, islohotlardan ham kelib chiqmoqda. Yevropa Ittifoqi aynan O’zbekiston qaysi sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligiga ham diqqat qilmoqda. Bu narsa avval ham aytilgan edi, Yevropa Ittifoqi biror loyihani majburan singdirmoqchi emas. Ko’proq mintaqa davlatlarini o’zidan kelib chiqib, hamkorlikni rivojlantirmoqchi. Shu fikr yangi bitim haqida ham aytilmoqda”, - deydi Tolipov.
O’zaro hamkorlik to'grisidagiyangi shartnomada Yevroparlament tomonidan surilgan tavsiyalar qanchalik aks etishi noma’lum. Har holda, hamkorlikning bugungi holati Yevropa Ittifoqida Mirziyoyevning islohotlari umid uyg’otayotgani bilan kuzatiladi.
Farxod Tolipovga ko’ra, inson huquqlari va siyosiy islohotlar borasida Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar qanday rivojlanishi baribir Toshkent ixtiyorida qoladigan masala.
“Islohotlarni olib boruvchi mamlakat bu O’zbekiston, shuning uchun bu masala aynan uning o’ziga bog’liq bo’ladi. Chunki Yevropa bu borada biror yordam taklif qilgan taqdirda ham, bu narsa O’zbekistonning o’zi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Kuzatishlar avval ham bo’lgan, bugun ham bo’ladi, lekin masala aniq qanday islohotni amalga oshirishda. Bizda hozirgacha siyosiy islohotlar, bu masala nimalarni nazarda tutishini o’zi muhokamaga chiqqani yo’q. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka kelganda ta’lim sohasida, huquqiy, sarmoya sohasida mavjud bo’lgan loyihalar keltirib o’tiladi va bunday hamkorlik loyihalari bor. Siyosiy islohotlarda biror o’zgarishlar bo’lishi uchun esa avval bu islohotlar nimalarni nazarda tutishi o’zimizda muhokamaga olib chiqilishi kerak”, - degan fikrda Farxod Tolipov.
Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasida 1999-yilda imzolangan hamkorlik shartnomasining yangi tahriri shu yilning iyun oyida imzolanishi kutilmoqda.