Yevropa AQShga qiynoqlarga qarshi ekanini eslatmoqda

  • Amerika Ovozi

Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey Virjiniya shtatidagi harbiy yodgorlik oldida, 27-yanvar, 2017

Yevropa Prezident Donald Tramp va uning ma'muriyati qiynoqlarga asoslangan kontr-terrorizm strategiyasini qayta yo'lga qo'yishi mumkin degan ma'lumotlardan qattiq xavotirda.

27-yanvar kuni Oq uyda AQShning yangi rahbari bilan muloqot qilgan Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey uning davlati qiynoqlarga butkul qarshi ekanini eslatdi. Tramp esa bu borada hech qanday qaror qilinmaganini aytdi.

Britaniya siyosiy doiralari, liberal yoki konservativ, terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini poymol etishni nomaqbul deb hisoblaydi. Mey Vashingtonga safari davomida buni qayta-qayta qayd etdi.

Trampdan oldingi respublikachi prezident Jorj Bush davrida (2001-2009) terrorizmda gumon qilinganlarni yashirin qamoqxonalarda saqlab, qiynoqqa solishga ruxsat berilgan. Keyinchalik Oq uy bu siyosatni qoralab chiqqan. Barak Obama prezidentlikka kelishi bilanoq qiynoqlar taqiqlangan.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser deydiki, bunday xavotirga o'rin yo'q, chunki qiynoqlarni qayta tanishtirish masalasi muhokamada emas. Ommaviy axborot vositalarida "yoritilgan xabarlar" asossiz, deydi u.

Biroq yetakchi gazetalar Tramp atrofidagi odamlar bu mavzu yuzasidan jiddiy fikr almashayotganini tasdiqlovchi ma'lumotlar bor, deya bong urmoqda.

"Biz qiynoqlarga qarshimiz. Unga ruxsat bermaymiz va bu pozitsiya o'zgarmaydi", - dedi Tereza Mey, Vashingtonga safari oldidan.

AQSh global yetakchilikni qo'ldan boy berishni istamasa, qiynoqlarga yo'l qo'ymaydi, deya yozmoqda tahilchilar.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi Ruminiyada ham yashirin qamoqxonalarga ega bo'lgan

Yevropa Inson Huquqlari Sudi o'tgan yillar ichida Bush davrida sodir etilgan qiynoqlar yuzasidan bir necha ishni ko'rib chiqdi. Ularda Polsha, Italiya va Makedoniyadagi yashirin hibsxonalarda azoblangan odamlar taqdiri haqida gap ketgan. Bu ishlardan birida, xususan, sud Polsha hukumatiga Guantanamodagi mahbusning oilasiga qariyb 262 ming dollar tovon to'lashni buyurgan.

Yevropa Inson Huquqlari Sudi kontinentdagi 47 davlatga qiynoqlarga yetaklovchi yoki ularga ruxsat beruvchi har qanday holatga yo'q deyishni talab qiladi.

Bush davrida olib borilgan xato siyosat inson huquqlarini e'zozlovchi Yevropa mamlakatlari uchun tarixiy sharmandalik, deydi arboblar. Britaniyaning o'sha paytdagi rahbari Toni Bleyer, ichki xavfsizlik vaziri Jek Stro 2000-yillardagi qilmishlari uchun javob berishi kerak degan talablar hamon tinmagan.

Polsha sobiq rahbari Aleksandr Kvashnevskiy AQShning maxfiy xizmatlari bilan hamkorlik qilgan

Fransiya va Ispaniya sudlarida ham Guantanamo qamog'idagi qiynoqlar bo'yicha qator da'volar ko'rib chiqilgan. Bu inshootni boshqargan AQSh generali Jefri Miller so'roq qilinish uchun chaqirilgan, lekin bormagan.

Markaziy Razvedka Boshqarmasining Yevropadagi maxfiy qamoqxonalari 2006-yilda fosh etilgan. Lekin tekshiruv olib borish uchun turli to'siqlar qo'yilgan. Bu jarayon hamon davom etmoqda, deydi tergovchilar.

Litva, Polsha, Italiya, Ruminiya, Makedoniya va Britaniya AQSh razvedka agentligi bilan hamkorlik qilgani aniq.