Breaking News

Xalqaro Amnistiya: Markaziy Osiyoda huquq bobida ijobiy o'zgarish yo'q


O'zbekiston Adliya vazirligi
O'zbekiston Adliya vazirligi

Londonda asoslangan Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkilotining ogohlantirishicha, radikal ekstremist va terrorchi tashkilotlarga qarshi kurash bahonasi bilan hukumatlar inson huquqlari himoyasiga qaratilgan tizimlarni barbod qilmoqda.

Xalqaro Amnistiya: Markaziy Osiyoda huquqiy ahvolda ijobiy o'zgarish yo'q
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:42 0:00

Bu yilgi hisobotda har doimgidek Markaziy Osiyodagi vaziyat ham tahlil qilinadi. Mintaqada qiynoqlar keng ko'lamda davom etmoqda, rasmiylar xavfsizlikni bahona qilib, muxolif fikrni bo'g'ishda davom etayapti.

Markaziy Osiyoda eng og'ir vaziyat mustaqil matbuot va muxolifat ancha yillardan beri taqiq ostida bo'lgan Turkmaniston va O'zbekistonda.

Turkmanistonda vaziyat mavhum va bu mavhumlik, ayrim holatlarni istisno qilganda, tafsilotlarga o'rin qoldirmaydi. O'zbekistonda bir necha yildirki qiynoqlar barqaror, qamoqdan diniy mahbuslar jasadi chiqishi muntazam.

Har ikki davlatda siyosiy huquqlar, matbuot erkinligi masalasi unutilgan, turg'unlashgan bu ko'rsatkichlar xalqaro munosabatlar, hisobotlarda ham aks etmay qo'ygan.

So'nggi yillarda bu ko'rsatkichlar mintaqaning nisbatan erkin davlatlari Tojikiston, Qozog'istonga ham ko'cha boshlagan.

Tojikistonda yaqingacha qonuniy muxolifatda bo'lgan Islom uyg'onish partiyasi ekstremizmda ayblanishi ortidan ommaviy hibslar, qiyinoqlar boshlandi. Qozog'istonda ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalari uchun muxolifatchilar sudga tortilishi mustaqil matbuot, jurnalistlar ustidan boshlangan mahkama ishlariga ulanib ketdi.

“Nakanune.kz” nashri jurnalistlari ustidan sud tugamasdan Qozog'iston Jurnalistlar uyushmasi raisi Sayitqozi Mateyev hibsga olinishi jiddiy xavotirlarni yuzaga keltirdi.

Hisobotda aytilishicha, Markaziy Osiyoning biror davlatida ijobiy siljishlar borligi kuzatilmaydi, aksincha qiynoqlar, hibslar, cheklovlar qamrovi kengaymoqda.

Qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqov fikricha, mintaqada kuchayayotgan tazyiqlar turli ko'rinishda.

Tojikistonda muxolifatchilar, Qozog'istonda jurnalistlar, so'z erkinligi nishonga olinmoqda, ammo tazyiqlarning sabablari bir, avtoritar rejimlar faqat repressiyaga suyanmoqda.

“Avtoritar rejimlar biror xavfga qarshi faqat repressiyalar va yana repressiyalar bilan kurashadi. Qozog'istonda bugun avjga chiqqan repressiyalar, Tojikistonda, Turkmanistonda, O'zbekistonda ham kuzatilmoqda. Bu “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurash bahonasida bo'ladimi yoki neft narxlari tushishi natijasida iqtisodiy ahvol og'irlashib, aholidagi ijtimoiy noroziliklarning oldini olishga qaratilgan choralar bo'ladimi, avoritar davlatlarda bular hammasi faqat tazyiqlar ko'rinishini oladi”,- deydi Aydos Sodiqov.

Xalqaro Amnistiya Londonda asoslangan xalqaro tashkilot
Xalqaro Amnistiya Londonda asoslangan xalqaro tashkilot

Xalqaro Amnistiya O'zbekistonga oid tahlilida inson huquqlariga oid vaziyatni jiddiy xavotirli baholaydi. Muxolifatga, dindonlarga, ekstremizm aybi bilan hibsga tortilayotganlarga nisbatan qiynoqlar qo'llanayotgani, hatto buning uchun maxsus “qiynoq xonalari” mavjudligiga e'tibor qaratadi.

“Rahmon yoki Nazarboyevga solishtirganda, Karimov rejimi ancha barqaror, u G'arbga ham, Rossiyaga ham unchalik tayanmaydi. Ehtimol, shuning uchundir Tojikiston va Qozog'istonda boshlangan so'nggi tazyiqlar, quvg'inlarga solishtirganda O'zbekistonda nisbatan tinchlikdek ko'rinadi. Aslida so'nggi ikki davlatdagi vaziyat O'zbekiston, Turkmaniston darajasiga tenglashmoqda. Shuning uchun ham hibslar avjiga chiqmoqda, mustaqil matbuot yopilmoqda”, - deydi Sodiqov.

Xalqaro Amnistiya tahlilnomasiga ko'ra, mintaning nisbatan demokratik ko'rilayotgan davlati Qirg'izistonda ham inson haqlari bilan bog'liq muammolar yetarli.

Xalqaro guruh Bishkek diqqatini mamlakatda qiynoqlar odatiy ko'rinishga aylanganiga qaratadi. Ayniqsa, ayollarga nisbatan zo'ravonlik holatlarini javobgarlikka tortish lozim.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG