Pokistonda bosh vazir tavsiyasiga ko’ra parlament besh yillik xizmatini uch kun erta tugatishga qaror qildi. Janubiy Osiyoda siyosiy ziddiyatlarga boy bu mamlakatning 76 yillik tarixida qonunchilar mandatini uchinchi bor to’liq ado etishga muvaffaq bo’ldi, garchi 2018-yil avgustida hokimiyatga kelgan Imron Xon bosh vazirlikdan ancha ertaroq ketgan bo’lsa-da.
Your browser doesn’t support HTML5
Uning o’rniga o’tgan yil aprelida 13 ta partiyadan iborat koalitsiyaga bosh bo’lgan Shahboz Sharif keldi.
“Biz hukumat bir-bir yarim yil ishlab parlament tarqatilishiga va saylov erta o’tkazilishiga ko’nikib qolgan edik. Endi esa siyosiy barqarorlikka guvohmiz. Parlament besh yillik faoliyatini o’z vaqtida tugatmoqda”, - deydi sobiq vazir Fayzal Karim Kundi.
Pokistonni uzoq yillar davomida harbiylar boshqargan yoki nazorat qilgan. Bir vaqtlar harbiylarga yaqin bo’lgan Imron Xon iste’fosida ularni ayblamoqda.
Sobiq rahbar korrupsiyada ayblanib, 9-may kuni hibsga olindi. Bundan norozi tarafdorlarining harbiy inshootlarga hujumlari ketidan parlament Imron Xon va tarafdorlarini harbiy qonunlarga ko’ra sud qilishga ruxsat berdi.
“Bir necha siyosiy partiyadan iborat Pokiston demokratik harakati 9-maydan keyin og’ir kunlarni boshdan kechirdi va nazarimda juda tez sur’atda ko’plab fuqarolik sektorlari nazoratini harbiylarga topshirib qo’ydi”, - deydi Pokiston inson huquqlari komissiyasidan Hina Jilani.
Yaqinda Pokiston parlamenti josuslikka qarshi qonun doirasini kengaytirib, xavfsizlik idoralari vakolatlarini kuchaytirdi, maxsus xizmatlarga istalgan joyda sud qarorisiz tintuv o’tkazish qudratini berdi.
“Kelajakda tizim bundanda repressivroq bo’lishiga, demokratik qadriyatlar, inson huquqlari kabilardan voz kechilishiga guvoh bo’lamiz deb o’ylayman”, - deydi Pokiston Qonunchilikni rivojlantirish va oshkoralik institutidan Ahmad Bilol Mahbub.
Koalitsion hukumatdagi ikkinchi yirik partiyaning rahbari Bilavol Bxutto Zardariy parlamentning so’nggi kunlarida qonunchilarni davlat idoralarining aralashuviga to’sqinlik qila olmagani uchun tanqid qildi.
“Har bir idora o’z vakolatlari doirasida ishlashini ta’minlay olmadik”, - dedi u.
Ba’zilar koalitsion hukumat davlatni harbiylar yordamida boshqarganini aytadi.
“Bu mamlakatdagi aksariyat siyosatchilarda armiya nafaqat yengilmas, balki fuqarolik hukumatini armiya xayrixohligisiz saqlab qolish mumkin emas degan fikr shakllangan”, - deydi Hina Jilani.
O’tgan kuzda Pokiston armiyasining iste’foga chiqgan rahbari Qamar Javed Bajva harbiylar o’nlab yillar davomida siyosatga aralashganini tan oldi.
Pokistonning zaif demokratiyasi barqaror ko’ringani bilan mavhumlikka yuz tutmoqda. Yangi saylovlar qachon bo’lishi hozircha ma’lum emas.
Mamlakatning eng mashhur siyosatchisi, 70 yoshli Imron Xon o’tgan hafta takroran hibsga olinib, besh yilga siyosatdan chetlatildi. Yuqori sud uning apellyatiyasini rad etdi.