Fazliddin Qurbonov Amerikaga 2009-yilda kelgan. 2013-yilda terrorizmni quvvatlaganlik aybi bilan hibsga olingan. 2016-yilning 7-yanvarida sud uni 25 yillik qamoq jazosiga loyiq deb topdi. Shuningdek, sudlanuvchiga 250 ming dollarlik jarima belgilandi.
Your browser doesn’t support HTML5
33 yoshli muhojir terrorchi tashkilotga moddiy madad ko’rsatishni rejalaganlik va uringanlik hamda noqonuniy ravishda qurollarga egalik qilganlik, xususan portlovchi moddalar to'plaganlikda aybdor deb topilgan edi. O'tgan yilning iyul va avgust oylarida kechgan sud muhokamasida Qurbonov o'zini "begunohman" deya himoya qilgan.
“Men terrorist emasman. Hech qachon bo'lmaganman... Hech kimga zarar keltirmaganman va bunday rejam ham bo'lmagan. Amerika xalqiga kulfat olib kelish niyatim yo'q edi",- degan Qurbonov sudda so'zlar ekan.
Advokati uni "adashgan" va "o'zga yurtda o'zligini topolmagan bechora bir shaxs" deya ko'rsatgan. Yuk mashinasi haydagan bu insonning yagona aybi terrorchilarni maqtab, ularga havas qilaman, safiga qo'shilishni orzu qilaman degan gap sotgani bo'lgan, deydi advokat Chak Peterson.
7-yanvar kuni sud jazo qanday bo'lishi xususida tinglov o'tkazganida Peterson o'z mijozini oqlashga urinib, suddan barcha realliklarni hisobga olgan holda hukm belgilashni so'radi.
Federal prokuror Vendi Olson esa Qurbonov panjara ortida ham tartibni buzmoqda, zo'ravonlik qilmoqda, deya video dalillar keltirib, suddan uni 20-40 yil orasida ozodlikdan mahrum etishni so'radi.
Qurbonov amerikaliklarni o'ldirish rejasini tuzgan va buni isbotlovchi ma'lumot yetarli ekanini sud ko'rdi va tushundi, deydi Olson. Zo'ravonlikni oqlashga, ekstremistlarga havas qilib, ularning izidan borishga uringan shaxslar jamiyat uchun xavf va Qurbonovni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etib, tahdid ehtimolini kamaytirish mumkin, deydi prokuror Olson hukmdan keyin jurnalistlarga so'zlar ekan.
Advokat Peterson o'z blogida bu ish yuzasidan 2015-yilning avgust oyida shunday yozgan edi:
"Hay'at noto'g'ri xulosaga kelgan bo'lsa, men o'zim shunday fikrdaman, bu ularning xatosi emas. Axir ular qarshisidagi yosh yigit bu davlatda xuruj qilish, kimyoviy moddalar yig'ish va portlatish haqida so'zladi. Ular o'yladiki, bu xavfli odam. Mening nazarimda, u aldangan shaxs. Ular tahdid manbaini ko'rishdi va qo'rqishdi. Qaniydi ular men ikki yildan beri bilgan yosh yigitni ko'ra olishganida. Balki uni aybsiz deb topishgan bo'lar edi".
Federal sudyaning aytishicha, jazo muddatini o'tab bo'lganidan keyin Fazliddin Qurbonov vataniga qaytarilishi mumkin, ya'ni chorak asrdan keyin.
Nasroniyman va vatanda menga kun yo'q deya oilasi bilan Amerikadan siyosiy boshpana olgan shaxsning O'zbekiston Islomiy Harakati va unga aloqador kuchlarni zimdan quvvatlab, ularga madad ko'rsatishga ahd qilganlikda ayblanishi nafaqat u yashagan Aydaxo shtati Boyzi shahri ahli, balki butun mamlakatni o'ziga xos larzaga solgan edi.
Qurbonovni ancha vaqt kuzatib, keyin uni o'z uyida hibsga olgan Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, sudga portlovchi moddalar va terrorchilar bilan aloqani aks ettiruvchi isbot-dalillar topshirilgan.
Sud masalani izchil o'rganmadi degan tanqid inkor etilib, jarayon uzoq davom etgani, ish obdon tekshirilgani aytiladi.
Qurbonovning oilasi bugungi hukmni sud zalidan turib tinglagan. Sudlanuvchining yuzida biror o'zgarish sezilmadi, deydi uni kuzatgan jurnalist Keyti Terun, Boyzi mahalliy telekanali muxbiri.
Jurnalist "Amerika Ovozi" bilan avgust oyida suhbatda jarayon haqida o'z tahlilini bildirar ekan, sudda O’zbekistondagi vaziyat, din va siyosat ancha muhokama qilinganini aytgan edi. Mahalliy jamoatchilik ayblanuvchining vatani haqida keng tasavvurga ega emas edi, degan edi Terun.
“Hammaning nomidan gapirmayman albatta, lekin men o’zim bu ishgacha O’zbekiston haqida juda oz bilar edim. Boyzi shahrida odamlar bu mamlakat haqida eshitgan bo’lishi mumkin, kartadan topib berishar balki, biroq qanday tuzum hukmron ekani, tarixi haqida deyarli bilishmaydi”.
Your browser doesn’t support HTML5
O'zbekiston hukumati bu ish yuzasidan lom-mim demaydi, lekin ekstremizmga qarshi haddan tashqari qo'pol choralar ko'rishda ayblangan Karimov ma'muriyati uchun Qurbonov masalasi terrorizmga qarshi keskin kurashish zarurligini namoyon etuvchi real misol bo'lsa ajabmas.
Amerikada musulmonlardan xavfsirash kuchaygan bir paytda va ayniqsa qochqinlarni ehtiyot bo'lib qabul qilish kerak degan talablar avj olgan pallada, Qurbonov "konkret ishi uchun emas, niyati uchungina" uzoq yilga qamalishi boshqalarga saboq bo'lishi kerak, immigrantlarni ogohlikka undashi lozim, deydi ayrim vatandoshlar.
Qurbonovning sud ishini kuzatgan o'zbek faoli Shuhrat Ahmadjonov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda yoshlarni o'ylab gapirishga, ayniqsa internet va telefonda ehtiyotkorona so'zlashga undagan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
O'tgan yilning boshida Nyu-Yorkda bir necha o'zbek "Islomiy davlat" ni quvvatlashga uringanlikda ayblanib, ketma-ket hibsga olingan. Ularning sud ishi qachon boshlanishi noma'lum.
2012-yilning 21-yanvarida Chikago aeroportida hibsga olingan o’zbekistonlik Jamshid Muxtorov AQSh hukumatini sudga berib, uni noqonuniy kuzatganlikda va konstitutsiyani buzganlikda ayblamoqda. Shu kungacha hech kim bunday da'vo bilan chiqqan emas.
Ikki yildan beri Kolorado shtatining Denver shahridagi qamoqxonada o’tirgan bu shaxs bo’yniga internetda terrorchi guruhlar bilan aloqa qilganlik va ularga moddiy yordam berganlik ayblari qo’yilgan. Uning sud ishi qachon boshlanadi, bilmaymiz.