FBR: Xorijiy terror tashkilotlariga oid minglab ishlar tergov ostida

  • Amerika Ovozi

AQSh Federal qidiruv byurosi (FBR) xorijiy terrorchi tashkilot deb belgilangan guruhlarga aloqador 2000 dan ziyod ishlarni tergov qilmoqda. Bu raqam Al-Qoida va Hizbulloh kabi guruhlardan kelayotgan doimiy tahdidni aks ettiradi.

Hozirda Davlat departamentining xorijiy terror tashkilotlari ro'yxatida 68 guruh bor, aksariyati al-Qoida singari jihodchi to'dalar. Qora ro'yxatga tushish AQShga bu guruhlarning mol-mulklarini muzlatish, ularning faoliyatini tergov qilish imkonini beradi.

Jorj Vashington universitetida terrorizm masalalarini o'rganuvchi olim Simus Xyuzga ko'ra, xorijiy terroristik tashkilotlarga e'tibor oshgani so'nggi yillarda al-Qoida qayta oyoqqa turgani bilan bog'liq.

"So'nggi bir necha yilda asosiy e'tibor "Islomiy davlat"da edi, al-Qoida bu vaqtdan o'z tarmog'ini tiklash uchun foydalandi. Faqat IShID emas, al-Qoida bilan hamkor guruhlar bor, undan tashqari Hizbulloh. Bu ishlarni ko'rib chiqish kerak", - deydi Xyuz.

FBRning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, tergov ostidagi terrorizmga doir 5000 ishdan taxminan 850 tasi mahalliy terrorizm, xususan o'ng qanot zo'ravonligi bilan bog'liq. Qolganlari xalqaro terrorizmga aloqador. O'z navbatida, xalqaro terrorizmga oid tergov ishlarining 2000 tasi ekstremizm va "Islomiy davlat" bilan, qolganlari al-Qoida va Hizbulloh singari guruhlar bilan bog'liq.

Federal qidiruv byurosi

Kongressda kechgan savol-javobda bu raqamlarni keltirgan FBR rahbari Kristofer Reyning ta'kidlashicha, terror tahdidi bugun xorijiy terror tashkilotlari tomonidan yo'naltirilgan murakkab amaliyotlardan yakka shaxslar amalga oshiradigan hujumlarga aylangan.

"Islomiy davlat" va al-Qoida AQShda keng ko'lamdagi hujumlarni uyushtirish niyatida ekanidan xavotirdamiz", - deydi Rey.

Mahalliy terrorizmga bugun jiddiy tahdid deb qaralayotgan bo'lsa-da, FBR rahbari AQShning o'zidagi zo'ravon ekstremizm, xususan odamlar yakka tarzda sodir etadigan hujumlarni eng katta tahdid deb atadi.

"Bular xorijdagi terrorchi guruhlardan ilhomlangan, lekin ulardan ko'rsatma olmaydigan, Amerikaning o'zida radikallashgan shaxslar", - deydi Kristofer Rey.

FBR bir necha turdagi tekshiruvlar o'tkazadi: bir oylik tekshiruv, olti oylik dastlabki tergov va milliy xavfsizlikka tahdid yoki jinoiy faoliyatga asoslangan to'liq tergov. Terrorizm bo'yicha ochilgan 5000 ishning hammasi to'liq tergov, deya bildiradi byuro.

2001-yilgi terror xurujlaridan keyingi davrda FBR har qanday ehtimoliy tahdidni tekshirib ko'rishga majbur, deydi byuro sobiq xodimi Deyvid Gomez. Unga ko'ra, tergov ishlarining aksariyati jinoiy javobgarlikka olib kelmaydi. Ayrim tekshiruvlar razvedka ma'lumotlari to'plash uchun ham olib boriladi.

Tergov ishlarining 80 foizini FBRning poytaxt Vashington, Nyu-York va Los-Anjelesda joylashgan idoralari olib bormoqda.