AQShda koronavirusga qarshi yangi buster chiqayapti

  • Amerika Ovozi

AQSh Sog'liqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi yangi busterni tavsiya qilmoqda

Bu yil kuzda Amerika ahli koronavirusga qarshi ikkinchi busterni olish imkoniyatiga ega bo'ladi. Sog'liqni saqlash vazirligiga ko'ra, virusning yangi ko'rishlariga nisbatan kuchliroq vosita zarur.

AQSh hukumati ekspertlari deydiki, kasallikning kuzgacha qay shaklga kirishini oldindan bashorat qilish qiyin, lekin busterni mustahkamlash mumkin va buning ustida qattiq mehnat qilinmoqda.

Omikron variantining oldini olish qudratiga ega buster chiqadi, deydi olimlar.

"Aks holda vaziyat yana og'irlashadi", - deydi Mark Soyer, Kaliforniya universiteti professori.

Soyer - hukumat maslahatchilaridan biri. U yangi busterni tezroq chiqarishga undagan.

Sog'liqni saqlash vazirligi qoshidagi Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi hozirda yangi busterning tarkibini muhokama qilmoqda. Asosiy maqsad - emlangan bo'lsangiz-da, doimiy o'zgaradigan koronavirusga bas kela oluvchi vosita taklif qilish.

Buni ham ko'ring AQSh sayyohlarga eshiklarni kengroq ochmoqchi

"Ertangi kun bizga virusning qanday turini olib keladi, bila olmaymiz", - deydi Peter Marks.

"Biroq biz inson immunitet sistemasini hozirgacha bilgan tahdidlarimizga qarshi tayyorlay olamiz".

Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi buster tarkibini ma'qullashi bilan "Pfizer" va "Moderna" farmatsevtika kompaniyalari uni ishlab chiqarishga kirishadi. Ularga ham alohida ruxsat zarur.

COVID-19 vaksinalari millionlab insonlarning hayotini asrab qolgan. Emlanganidan keyin buster ham olganlar xavfdan yanayam yiroq, deydi mutaxassislar. Global miqyosda infeksiya ko'lami kamaygan.

Hozirda koronavirusning omikron variantidan chiqqan BA.4 va BA.5 turlari kuzatiladi. AQSh virusga chalinganlarning yarmi shularni yuqtirgan.

Dastlabki busterni ham "Pfizer" va "Moderna" chiqargan. Bu vosita insonning omikronning ilk ko'rinishlarini yuqtirmasligini ko'zlagan edi.

Kompaniyalarga ko'ra, birinchi buster BA.4 va BA.5 ga nisbatan ham ta'sirli, ammo yangisi yanayam kuchliroq bo'ladi.

Olimlar ham emlanish, ham buster olishni maslahat beradi. AQSh hukumati ham ommadan bu vositalardan shubhalanmay ularga tayanishni so'rab kelmoqda.

Yangi buster aynan qachon taklif qilinishi mavhum. Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi kuzgacha desa-da, "Pfizer" va "Moderna" o'z sanasini belgilashi mumkin.

Buni ham ko'ring AQShda bolalar koronavirusga qarshi emlana boshladi

AQShda emlanganlarning yarmi birinchi busterni olgan. Aynan 50 yoshdan oshganlar uchun mo'ljallangan qo'shimcha busterni esa bu guruhdagilarning chora qismi qabul qilgan xolos.

Professor Marks fikricha, aholi orasida buster targ'ibotini kengaytirish kerak. Yangi buster yaxshigina turtki bo'ladi, deydi u.

Umuman emlanmagan amerikaliklar ham talay. Besh yoshgacha bo'lganlar esa vaksinani shu kunlarda ola boshladi.

Busterlar yangi vaksinalarga ham yetaklashi mumkin. Qator ilmiy maskanlar buning ustida ham bosh qotirmoqda.

"Novavax" kompaniyasi yangicha vaksina ixtiro qilganini da'vo qilib, hukumatdan uni ma'qullashni so'ramoqda. Uning ekspertlari deydiki, bu vosita - koronavirusga qarshi hozirgacha chiqarilgan eng qudratli vosita.

Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti insoniyatni emlanishga va buster olishga undab keladi. Yangi choralar yo'lida mehnat tinmaydi, deya bildiradi tashkilot, biroq amaldagilari ham effektuv, aks holda pandemiya hozirgidek yengillashmagan bo'lar edi.

"Jahon ahli vaksinalarga ishonishi kerak. Hozirgi vaksinalarning kuchi bor", - deydi virusolog Kanta Subbarao, tashkilot vakili.