Farg’ona vodiysida mehnat qilayotgan hunarmand uchun davlat qo'llab-quvvatlovi, tinchlik va chegaradan bexatar qatnay olish muhim. Savdoning, tirikchilikning kaliti shunda. Vodiylik hunarmandlar ishi Vashingtonda ko’rgazmada.
Qirg’iziston elchixonasi gavjum. Mehmonlar Markaziy Osiyo hunarmandlari ishini tomosha qilayapti. Qo’lbola mahsulot qimmat bo’lsa-da, savdo qiziyapti.
Elchi Muxtor Jumaliyev tadbirkorlarni faxr bilan tanishtiradi:
“Bir kunning o’zida elchixonamizga besh ming odam kelib-ketdi ustalarning ishini ko’raman deb. Davlat departamentidan mehmonlar kelishdi, oddiy tomoshabin eshigimizni qoqdi. Markaziy Osiyo ustalarining mahsuloti Amerikada ham tanilishini xohlaymiz. Shunga yordamimiz tegsa, xursand bo’lamiz. Mehmonlar quyilib kelishidan umid qilamizki, ustalar yangi xaridor bilan shartnoma imzolaydi”.
Qirg’izistonlik Chinara Sadikova va Dinara Chochunbayeva bu safarni uyushtirgan tadbirkor ayollar. Ular Farg’ona vodiysi, xususan, Tojikiston, O’zbekiston va Qirg’iziston hunarmand va chevarlari bilan ishlaydi, ularning malakasini oshirib, biznes qilishni o’rgatadi. Loyihani AQSh Davlat departamenti qo’llab-quvvatlayapti. Hunarmandlar orasida O’sh, Botken, Chotqol, Oloydan ham vakillar bor.
“225 odam bilan ishlayapmiz. Loyihani ikki mahalliy tashkilot yuritayapti: Qirg’iziston hunarmandchilik kengashi va Qirg’iziston regional ekspertiza markazi. Biz Farg’ona vodiysining mahsuloti mahalliy, mintaqaviy va xalqaro bozorga chiqishiga yordam beramiz. Vazifamiz faqat mahsulot sifati, hunarmandning kasbiy bilimini oshirish emas, uning moliyaviy savodini ham oshirish. Bozor qoidalari, tovarni olg’a surish ana shular jumlasidan. Chunki ko’p hollarda hunarmand mahsulot narxini qat’iy belgilamay, aytilgan narxga berib yuboradi. Biz xarajatni hisob-kitob qilishni o’rgatamiz – material, ishlab chiqarish, elektr toki, transport sarfiyasini hisoblashni o’qitamiz”, - deydi Chinara Sadikova.
Hunarmandlarning vebsayti bor: www.ferganabazar.org. Unda mahsulotni sotib olish mumkin emas, lekin ustalar bilan to’g’ridan-to’g’ri telefon va e-mailda bog’lansa, savdoni kelishsa bo’ladi. Mualliflar shu tariqa o’rtada vositachini ko’paytirmasdan, hunarmandni old planga chiqarmoqchi. Shunda narxlar ham xolis bo’ladi. Hunarmandlar uchun seminarlar tekinga o’tiladi.
“Har bir buyumda ustaning qalb parchasi borday. Qo’l mehnati shunisi bilan farq qiladi, odam tarovatini, uzoq yillik an’analarni sezasiz. Shu o’rinda, Qirg’iziston elchixonasiga rahmat aytmoqchiman. Biz o’zi Nyu-Yorkdagi xalqaro tanlovda (New York International Gift Festival) qatnashish uchun kelgan edik. Elchixona bizni uch kunga Vashingtonga taklif qilib, xarajatlarimizni qoplab berdi”, - deydi Chinara Sadikova.
Tadbirkor ayol Dinara Chochunbayeva Markaziy Osiyo usta va chevarlari bilan 2000-yillar boshidan beri ishlaydi.
“Mahsulot xilma xilligi, xomashyo jihatidan O’zbekiston regionda nisbatan boy. Ipak, ganj, keramika, metal, bularning hammasi bor. Samarqand, Buxoro va Xiva turizm markazi bo’lib qolayotgani sabab ham hunarmandchilik hayot. Tojikistonda bu masalada ahvol qiyinroq. Hunarmandchilikni yemirgan omillardan biri o’z paytida urush edi. Bugun esa mehnat muhojirlari uyga pul jo’natib, oilalar chetdan yordamga o’rganib qoldi. Hunarmandchilik juda ko’p vaqt, mehnat talab qiladi va kam daromad keltiradi, shu sababli odamlar o’zini qiynagisi kelmay qo’ygan. Bu mashaqqatga faqat hunarni astoydil yaxshi ko’rgan odam chidashi mumkin. Qozog’istonda ham neft va gazdan daromad yetib turgani bois hunarmandchilik sekin-asta unutilayapti. Qirg’izistonda hunarmandlar dizayner sifatida tanilayapti va bozorda o’rnini saqlab qolayapti”, - deydi Dinara Chochunbayeva.
Markaziy Osiyo hunarmand va chevarlari davlatning ma’naviy va moliyaviy qo’llab-quvvatloviga muhtoj. Bundan tashqari, urush va mojarolar bo’lmasin, deya niyat qiladi ular. Nizo chiqsa, savdo-sotiq o’ladi. Chegaralardan bemalol o’tishda gap ko’p.
Elchixonada tomoshaga qo’yilgan mahsulot orasida o’shlik tajribali murabbiy, chevar ona Kaliya Karashevaning ishlari ayniqsa qimmatli. Usta ayol kashtado’zlik qiladi. 70-80 yil unutilgan gul – tersqayiqni qayta tiklab, ikki yil oldin UNESCO ning sifat belgisi bilan taqdirlandi. Oilam ham menga endi alohida ehtirom bilan qaray boshladi, deydi chevar.
Ustalar dunyoni kezayapti. Ularning mahoratini Amerika muzeylari e’tirof etdi, endigi mo’ljal – Parijdagi ko’rgazma.