Missuri shtatida omma hamon g'azabda; "politsiya irqchi"

  • Amerika Ovozi

G'azabga to'la namoyishchilar, Missuri shtati, 18-avgust, 2014

Missuri shtatining Ferguson shahrida tunda politsiya va fuqarolar orasida to’qnashuvlar kuzatilgan. Qora tanli aholi 18 yoshli Maykl Braun oq tanli politsiya tomonidan o’ldirilganidan g’azabda va norozilik namoyishlari tinmayapti.

Kuchli qurollangan zobitlar portlovchi moddalar ishlatayotgan odamlarga qarshi chora ko’rishga majbur, deydi politsiya boshqarmasi. Tarqaling, degan buyruqqa omma quloq solmayapti. Ikki kishi jarohatlangani haqida ma'lumotlar bor. Ko'zni yoshlanturadigan gaz ishlatilgan.

Hozirgacha 31 fuqaro hibsga olingan. Aksariyat namoyishchilar zo’ravonlikka berilmayapti, ammo oz sonli guruh tartibni buzish bilan ovora, deya bildiradi ichki ishlar xodimlari.

Maykl Braun o’limi yuzasidan tergov boshlangan va agar politsiyachi aybdor deb topilsa, jazolanishi muqarrar. Biroq hukumatning bu bayonoti norozi xalqni tinchlantirmayapti.

Aksariyat aholisi qora tanli Fergusonda politsiyachilar asosan oq tanli. Irqchilik kundalik hol, deya noliydi namoyishchilar.

Missuri shtati gubernatori Jey Nikson qonun ustuvor mamlakatda fuqaro har bir adolatsizlik yuzasidan da’vo qilishga haqli, deydi.

9-avgust kuni Maykl Braun do’konda chiqib kelayotganini otilgan. Tekshiruv shuni ko’rsatganki, unga bir necha bor o’q uzilgan. Braun do’konda o’g’rilik qilgani, do’kon egasini urganini aks ettiruvchi video mavjud.

Uni o’ldirgan politsiyachi so’roq qilinib, javobgarlikka tutiladi, jamoatchilik sabr qilishi kerak, deydi prezident Obama, ommani tinchlanishga undar ekan. Ish Federal qidiruv byurosi iznida.

"G'azabdan tiyilib, jamiyatdagi illatlarga qarshi birgalikda yechim izlaylik",- deydi prezident.