AQSh FIFAning 14 rasmiysiga qarshi ayblov e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

FIFA rahbari Yozef Blatter (chapda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan, 13-iyul, 2014-yil.

AQSh Adliya vaziri Loretta Linch futbol bo'yicha jahon tashkiloti FIFAni bir necha o'n yillardan beri yolg'on, poraxo'rlik va korrupsiyaga botganlikda aybladi.

AQSh huquq-tartibot organlari FIFAning hozirgi va sobiq rasmiylaridan 14 kishiga qarshi jinoiy ish ochgan. Ayblanuvchilarning 7 nafari Shveysariyada qo'lga olingan. Ularning AQShga ekstraditsiya qilinishi kutilmoqda.

Linchning aytishicha, 1991-yildan beri FIFA rasmiylari futbol musobaqalari ustidan savdo va marketing qilish huquqlarini pora evaziga sotib kelgan.

"Ular buni takror va takror, har yili va har bir musobaqada amalga oshirgan, - dedi AQSh Adliya vaziri. - Ular xalqaro futbol biznesini o'z manfaatlariga xizmat qiladigan korrupsiya va boyish manbaiga aylantirdi".

Ayblanuvchilar o'yinlarning translyatsiya va marketing huquqlarini sotish orqali sport ommaviy axborot vositalari rahbarlaridan millionlab dollar pora olgani aytilmoqda.

Ayblovga ko'ra, korrupsiya va poraxo'rlik 2011-yil FIFA prezidentligi uchun o'tgan saylovlarni ham qamrab olgan. Braziliya milliy terma jamoasi homiyligini qo'lga kiritgan yetakchi AQSh sport kiyimlari kompaniyasi ham korrupsiyaga aralashgan bo'lishi mumkin.

Adliya vazirligi ma'lumotiga ko'ra, hibsga olinganlardan tashqari yana to'rt odam va ikkita kompaniya tergovga aloqador ayblarni allaqachon bo'yniga olgan.

AQSh Federal Qidiruv Byurosi rahbari Jeyms Komining aytishicha, poraxo'rlik va noqonuniy pul oldi-berdisi FIFAda kundalik ish tartibiga aylangan.

FIFAning etika qo'mitasi o'tgan yili noyabr oyida o'z tekshiruvini o'tkazib, tashkilotda faqat juda cheklangan miqdorda etika qoidalari buzilgani va poraxo'rlik holatlari yuz berganiga oid biror dalil topilmagani haqida xulosa qilgan edi.

FIFA joriy tergov yuzasidan AQSh va Shveysariya rasmiylari bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.