Floridaning Key West oroli odam istagancha sayr qilib, adashib qolmaydigan joylardan. Amerikaning eng chekka janubiy nuqtasidagi jimitday bu orolni tezgina aylanib chiqadi kishi. Atrofni tomosha qilib, chalg’ib, havo issiq, anchagina dim ekanini sezmaysiz ekan.
Orolga keliboq ko’zga yarq etib ko’ringani – Key West portida turnaqator tizilgan bahaybat kemalar bo’ldi. Oppoq, ko’zni qamashtiradi, savlatli. Fizika qonunlarini bilganing bilan, qanday suzar ekan deb baribir hayron qoladi kishi. Yurak yutib unga mingan odamlarga “qoyil” deb, qo’l silkib qolasiz. Oq yo’l.
Qayoqqa qaramang, kemalar, qayiqlar. Har xilidan. Eshkaklisi, yelkanlisi, moviy, sariq, qizil…
Mana shu nuqtadan Kubagacha 150 kilometr. Amerikaning janubiy uchi deb atashadi. Qizil, sariq va qora chiziqlar tortilgan mazkur monument oldida rasmga tushaman deb sayyohlar soatlab navbatda turadi.
Floridaga borib, plyajni ko’rmasdan ketib bo’lar ekanmi? Quyoshda toblanib, suvga sho’ng’ib, Atlantika okeanining shapillashini eshitib, odam maroqlanadi. Yilda 12 oy shunaqa yashashni tasavvur qiling…
Ha-ya, ko’cha-ko’yda har zamonda xo’roz, tovuqlar uchrab turadi. Har bir butadan jonivorning qu-qusini eshitish g’alati ekan. Xuddi qishloqqa buvimni ko’rgani kelgandayman. Oldinlari bu mitti Key West orolida fermalar bo’lgan. Keyinchalik turizm rivojlanib, dehqonchilik o’z-o’zidan barham topgan. O’sha qadim fermerlar boqqan parrandaning avlodlari bu.
Tor ko’chalarni mashinada kezib, izlaganimizni topdik. Key Westning durdonasi – atoqli yozuvchi Ernest Xemingueyning uy-muzeyi. Binoda shtativdan foydalanishga ruxsat berishmadi. Kamerani qo’lga olishga to’g’ri keldi.
Nobel mukofoti sovrindorining mashhur arzandalari – mushuklar bu yerda o’ziga xon. Kamida 60 ta! Yam-yashil ko’katga burkangan bu uyda adib 10 yil sermahsul ijod qilgan, sara asari – “Alvido, qurol!” asarini shu yerda bitgan deyishadi.
Uning uyini aylanamiz – so’lim bog’i, bejirim buyumlari, adib o’tirgan o’rindiq-jihozlar, yotog’iyu hammomi, oshxonasiyu hovuziga, kutubxonasi va rasmlari tikilaman. Uyga qaytib, yana “Chol va dengiz”, “Alvido, qurol!”ni yana varaqlagisi keldi odamning…
Kech ham bo’ldi. Kun botishini ko’raman deb har kuni sohilda tumonat odam yig’ilar ekan. Chetdan amallab joy tanlab olish ham bir mahorat talab qilar ekan. Ajoyib manzara. Odamning ketgisi kelmaydi. O’tiraversang, tikilib. Suvning qirg’oqqa urilishini tinglab…