20-aprel kuni AQSh Vakillar palatasi tashqi yordamga doir qonun loyihasini nihoyat tasdiqladi. Hujjat endi Senatda shu hafta ovozga qo’yilishi kutilmoqda. Bayden demokrat partiyadoshlari nazoratidagi yuqori palatani masalani tezroq qilishga chaqirmoqda
Your browser doesn’t support HTML5
Qonun loyihasida Isroil, Ukraina va Tayvanning harbiy ehtiyojlari uchun pul ajratish ko’zda tutilgan.
Haftalab oyog’ini tirab olgan respublikachi qonunchilar bu gal qarshilik ko’rsatmadi.
“Xorijga askarlarimizni yuborgandan ko’ra o’q-dori yuborganimiz ma’qulroq. Bunday qaror uchun muhim davr, muhim imkoniyat hozir. Senat ham bunga xayrixoh bo’lishini kutib qolaman”, - dedi quyi palata spikeri Mayk Jonson.
Senat va Vakillar palatasidagi demokratlar ushbu qonun loyihasini qo’llab-quvvatlab kelgan, biroq Respublikachilar partiyasidagi konservativ a’zolar pulni xorijga yuborgandan ko’ra Amerikadagi loyihalar uchun sarflashni taklif etadi.
Ular endi Jonsonning iste’fosini talab qilmoqda. Spiker tarafdorlari esa uning bu ishini olqishladi.
“Spiker Mayk Jonsondan faxrlanaman. Uning qarashlari o’zgardi. Mamlakat manfaatlarini o’zinikidan ustun qo’yib, mardlik qildi”, - deydi respublikachi vakil Maykl Makkol.
Uning partiyadoshi Marjori Teylor Grin esa Jonsonni Amerikaga xiyonat qilganlikda aybladi. Spikerni iste’foga chaqiruvchi hujjat yaqin kunlarda quyi palatada taqdim etilishi kutilmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ko’pdan beri kutilgan qonun loyihasining Vakillar palatasida qabul qilinganini olqishladi.
“Bu yordam Ukrainani kuchaytirib, Kremlga bu ikkinchi Afg’oniston bo’lmasligi haqida qattiq signal yuboradi. Qo’shma Shtatlar Ukraina bilan qoladi, ukrainaliklarni himoya qiladi, ular esa demokratiyani”, - dedi u.
95 milliard dollarlik hujjatda 60 milliard dollar Ukrainaga, 26 milliard dollar Isroilga hamda G’azoda gumanitar yordam uchun ajratilgan.
Senat uni tasdiqlab, Prezident Jo Bayden hujjatni imzolagan taqdirda Tayvanni Xitoydan himoya qilishga ham pul taqsimlanadi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Amerikaning qo’shimcha yordami Ukrainaga jang maydonida g’alaba qozonishda yordam bermaydi, aksincha urushning cho’zilishiga, Ukraina talafotlarining ko’payishiga olib keladi.
Ukraina uchun ajratiladigan pulning katta qismi Amerikada qoladi, deydi Peskov.
AQSh Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Erik Svolvel ham shuni tasdiqlarkan, bu pul Amerika iqtisodiyotini kuchaytirishini aytadi. Svolvel Ukraina uchun shu kungacha sarflangan 75 milliard dollarlik favqulodda yordamning 57 foizi AQShda sarflanganini ma’lum qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida, AQSh, Britaniya va Fransiya Rossiyani strategik mag’lub qilish dardida yadroviy mojaroga turtki bermoqda.
"Yadroviy qudratga ega mana shu uchlik Kiyevdagi jinoiy rejimning ashaddiy tarafdorlari, turli xil provokatsion qadamlarning tashabbuschilaridir. Buning yadroviy xavf darajasini oshirishga yetaklayotgan jiddiy strategik tahdidlarini ko’ryapmiz”, - dedi Rossiya vaziri.
Polsha Prezidenti Andjey Duda o’z mamlakatida AQSh atom qurollarini joylashtirish rejasiga qarshi emasligini bildirdi. Kreml uning bu bayonotini tanqidga olib, shunday bo’lgan taqdirda Rossiya tegishli chora ko’rishini ta’kidladi.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk seshanba kuni mamlakatga Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg tashrif buyurishini bildirdi.
Zelenskiy Rossiya Ukrainada g’alaba qozonsa, Putin avval Boltiq mamlakatlari, so’ng Polshaga hujum qilishi haqida ogohlantirgan.