Fransiya rahbari Yaqin Sharq tinchlik muloqotini jonlantirishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan Parijda uchrashmoqda, 16-iyul, 2017-yil

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yaqin Sharq tinchlik muloqotini jonlantirishga chaqirmoqda. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu yakshanba kuni Parijda bo’lib, Makron bilan shu haqda gaplashgan.

Fransiya rahbari Falastindan Isroilni davlat sifatida tan olishni so’rab, yahudiy davlatini istilo etilgan hududlarda uy qurilishlarini bas qilishga da’vat etdi.

Makron Falastindan Quddusni Isroilning poytaxti sifatida qabul qilishni ham so’rab, Eronning Hizbulloh guruhiga xayrixohligidan xavotir bildirdi.

"Livan janubida Hizbullohning qurollanayotganidan Isroil tashvishda va buni tushunsa bo’ladi. Livanda tinchlik bo’lishi tarafdorimiz. Diplomatiyamiz yordamida mojaro tahdidini tushirishga harakat qilamiz”, - dedi Makron.

Qo’shma matbuot anjumanida Netanyaxu ham so’z olib, Isroil-Falastin mojarosini hal etishda ayrim arab davlatlari bilan hamkorlik uchun imkoniyatlar paydo bo’layotganini ta’kidladi.

"Biz va bu davlatlar ayni tahdidlar va ayni manfaatlar bilan yuzlashmoqdamiz. Falastin Isroilni yahudiy davlati sifatida tan olishdan bosh tortishda davom etarkan, mojaro hal bo’lishiga ko’zim yetmaydi”, - dedi Netanyaxu.