Fransiya Prezidenti Fransua Olland bugun Parijdagi Arab dunyosi institutida o'tgan hafta sodir etilgan terror xurujlari xususida ma'ruza qildi.
Ollandning aytishicha, ekstremistlar erkak va ayollarni o'ldirishi mumkin, ammo g'oyani yo'q qila olmaydi.
Unga ko'ra, jamiyatdagi qarama-qarshiliklar, turli oqimlar ta'siri, qashshoqlik, tengsizlik, uzoq vaqtdan beri hal etilmay kelayotgan mojarolar ayrim musulmonlarning radikallashishiga sabab bo'lmoqda.
"Islom demokratiyaga mos din, fransiyalik musulmonlar boshqa fuqarolar kabi teng huquqlarga ega", - dedi u.
Xurujga uchragan "Sharli Ebdo" jurnali kechagi sonida Muhammad payg'ambar karikaturasini chop etdi. Jurnalning uch million donasi darhol sotilib ketdi, nashriyot qo'shimcha ikki million nusxa chiqarmoqchi.
Quddus bosh muftiysi Muhammad Ahmad Husayn Parijdagi xurujlarni qoralash bilan birga jurnalning so'nggi sonini ham qattiq tanqid qildi. Payg'ambarning ustidan mazax qilish bilan jurnal millonlab musulmonlarni haqorat qildi, deydi u.
Ertaga Olland AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashadi. Tomonlar terrorizm va, xususan, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash haqida gaplashadi.
AQSh rasmiylariga ko'ra, 12 odamni nobud qilgan Parij xurujlarini al-Qoidaning Yamandagi bo'limi uyushtirgan va ular bu haqda internetdagi sahifasida ma'lum qilgan.
Hozir bu guruh va xurujni amalga oshirgan ikki odam o'rtasidagi aloqa tekshirilmoqda.
Fransiya Yaqin Sharqqa avianosetsini safarbar etishini ma'lum qildi. Iroq va Suriya hududlarini bosib olgan "Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlari kuchaytiriladi. Seshanba kuni parlament Fransiyaning xalqaro koalitsiyadagi ishtirokini uzaytirishga ovoz berdi. AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaga 20 dan ortiq davlat kiradi.