Suriyada "Islomiy davlat" jangari guruhi bilan olishayotgan kuchlar safi kengayib borayapti. Bugun Ozod Suriya armiyasining taxminan 50 askari Turkiya orqali Suriyaning Kobani shahriga yetib borgan.
Bu guruh Iroq Kurdistonidagi peshmerga qo'shinlaridan ayri, alohida kuch. Peshmerga jangchilari ham bugun Kobaniga yetib kelishi kerak.
Ozod Suriya armiyasi Suriyaning avtokrat rahbari Bashar al-Assadga qarshi kurashib tanilgan. Bu isyonkor armiyaning qarorgohi Turkiyada va jangchilar kurashdan bo'sh paytida aynan shu davlatda yashaydi.
Eslatib o'tish kerak, Turkiya hukumati sal oldin iroqlik kurd jangchilariga o'z hududi orqali Suriyaga o'tishga va "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotda qatnashishga ruxsat bergan edi.
Anqara o'zining qo'shinlarini Kobaniga jo'natishdan tiyilib turibdi, chunki Suriyadagi kurd askarlari va Turkiyada terrorchi tashkilot deya tamg'alangan Kurdiston ishchilar partiyasi o'zaro hamkorlik qilayotganidan xavotirda. Mustaqillik uchun kurash olib borayotganini da'vo qiluvchi Kurdiston ishchilar partiyasi Turkiyadagi qator xurujlar ortida turgani ma'lum.
Bu orada, Amerika yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Kobanida "Islomiy davlat"ning manzillarini havodan nishonga olishda davom etayapti.