AQSh senatorlari O'zbekiston rahbarini jurnalist va faollarni ozod etishga undamoqda

  • Amerika Ovozi

Demokrat senator Dik Durbin O'zbekiston prezidentiga murojaat qilayotgan liderlardan

Kelasi hafta Toshkentda O'zbekiston-Amerika yillik maslahat kengashi bo'lib o'tadi. Yillik yig'inda siyosiy-iqtisodiy hamkorlikdan tortib, huquq va demokratiya targ'ibotigacha, oradagi barcha masalalar muhokama qilinadi. Kongress bu muzokaralar oldidan ayrim nozik masalalarni eslatmoqda.

O'tgan hafta AQSh Senati mintaqa bilan ancha yillardan beri ishlab kelayotgan diplomat Pamela Spratlen O'zbekistonga yangi elchi deya tasdiqladi.

24-noyabr kuni sakkiz senator respublika rahbariga ochiq xat yo'llab, qamoqdagi jurnalistlar va faollar taqdiriga e'tibor qaratdi. Shu singari maktub 2013-yilning iyun oyida ham yuborilgan edi.

Tashabbus boshida Illinoys shtatidan demokrat senator Dik Durbin turibdi. Xatga imzo chekkanlar qatorida demokrat senatorlar Robert Menendez, Patrik Lixi, Richard Blumental, Benjamin Kardin, Barbara Bokser, Robert Keysi va respublikachi senator Mark Kirk bor.

Maktubda besh mahbus erkin fikri va vijdonan so'zlagani uchun jazolanayotgan fuqarolar deya ta'riflanadi: huquq faoli A'zam Turg'unov, jurnalist Dilmurod Saidov, jurnalist Solijon Abdurahmanov, jurnalist Muhammad Bekjonov va huquq faoli Bobomurod Razzoqov.

AQSh tashqi siyosatida muhim rol o'ynab kelayotgan qonunchilar deydiki, O'zbekiston bir necha yildan beri Amerika bilan yaqinlashishga urinib kelmoqda.

"Biz hamkorlik kengayishi tarafdorimiz", - deya yozadi senatorlar. "Afsuski, yuqorida qayd etilgan masalalar hal etilmayotgani aloqalarimizga to'siq".

Qamoqdagi jurnalist va faollarning ahvoli kuchli xavotir uyg'otadi va insonparvarlik nuqtai-nazaridan ham ularni ozod etish kerak, deya chaqiradi senatorlar.

Durbin va uning Kongressdagi safdoshlari nazarida O'zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta'minlash yo'lida konkret va shaxdam qadamlar tashlanishi kerak.

"Freedom Now", siyosiy mahbuslar huquqlarini himoya qiluvchi va ularning ishini o'rganuvchi tashkilot nazarida senatorlar prezident Karimovga bu borada murojaat qilayotgani ayni muddao.

O'zbekiston fuqaro huquqlari, xususan siyosiy erkinliklarni ta'minlash bo'yicha qator xalqaro hujjatlarga imzo chekkan va ularga bosh egishga so'z bergan. Shunday ekan, deya eslatadi "Freedom Now", fikrini erkin aytib, mustaqil faoliyat yuritib, qonunan kafolatlangan huquqlaridan foydalanishga harakat qilgan fuqarolarni qamoqqa tashlash adolatsizlikdan boshqa narsa emas.