Diplomat sifatida chorak asrlik tajribaga ega Pamela Spratlen O’zbekistonda elchilikka shay. AQSh Senati Tashqi ishlar qo’mitasi uni hali bu lavozimga tasdiqlagani yo’q. O’tgan uch yildan beri Qirg’izistonda elchilik qilgan Spratlen xonim 2006-2008 yillar orasida Davlat departamentida mintaqa bilan aloqalarga mas’ul bo’lgan. Fransiya, Gvatemala va Rossiyada diplomatlik qilgan. Fransuz, ispan va rus tillarini biladi. Ogayo shtatining Kolumbus shahrida katta bo’lgan.
Senatning Tashqi ishlar qo’mitasida tinglov (VIDEO - English)
Spratlen xonim senatorlarga O’zbekistonning AQSh uchun ahamiyatli jihatlarini tushuntirib berar ekan, uni Markaziy Osiyo yuragidagi davlat deb atadi. Tinch, farovon, demokratik va tolerant jamiyat sifatida shakllansa, nafaqat o’zi va qo’shnilari balki butun dunyo, jumladan AQSh ham faqat foyda ko’radi, dedi diplomat.
“O’zbekiston qo’shni Afg’onistonni rivojlantirishda yaqin hamkor”,- deydi Spratlen.
Uning qayd etishicha, O'zbekiston mamlakatning katta qismini, xususan Kobulni elektr quvvati bilan ta’minlamoqda. Afg’onistonni tashqi dunyo bilan bo’glaydigan yagona temir yo’l O’zbekistondan o’tadi. Respublika Shimoliy Ta’minot Tizimi, xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan yo’nalishning muhim qismi.
Ekstremizm va qoradori savdosiga qarshi kurash, chegara xavfsizligini ta’minlash va inson savdosi singari muammolarga nisbatan chora ko’rishda O’zbekiston va Amerika yaqindan ishlashi kerak, deydi elchi, hozirgi hamkorlikni kengaytirish lozim. Respublikaga Amerikadan sarmoya oqimini oshirish mumkin lekin buning uchun O’zbekiston tizimni isloh qilishi kerak, deydi diplomat.
Qirg’izistonda demokratiyani targ’ib qilgan elchi nazarida taraqqiyot fuqaro jamiyati, erkin matbuot va oshkoralik talab qiladi. Inson huquqlari, qonun ustuvorligi va uzviy erkinliklarni tashviq qilish muhim vazifa, deydi Spratlen.
“Tasdiqlansam, O’zbekiston hukumatini xalqaro qonunlarni hurmat qilishga, xalqaro majburiyatlarini ado etishga chaqiraman”,- deydi diplomat.
2013-yilda AQSh senatorlari O’zbekiston rahbari Islom Karimovni siyosiy mahbuslarni ozod eting deya undab, panjara ortidagi qator insonlar taqdiriga e’tibor qaratgan edi. Spratlen shuni tilga olib, Karimov ma’muriyati bilan qator nozik masalalar, jumladan qiynoqlar, asossiz qamash hollari, bolalar mehnati, muxolifat va fuqaro jamiyatiga cheklovlar va diniy erkinlik yuzasidan muloqot olib borish niyatida ekanini aytdi.
“Markaziy Osiyodagi tajribamdan kelib chiqib shuni bilamanki, ijobiy o’zgarishlar qilish oson emas. Elchilikka tasdiqlansam, Kongress, ijroiya organi va O’zbekiston xalqi bilan yaqindan ishlab, inson huquqlari va iqtisodiy islohotlar kabi murakkab sohalarda konkret progress bo’lishi uchun xizmat qilaman”,- deydi Spratlen.
“O’zbekiston ahli bilan bevosita aloqaga kirishib, xalq diplomatiyasi, ta’limiy almashinuvlar va hamjihatlik yo’lidagi harakatlarimizni kuchaytiramiz”.
Demokrat senator Tim Keyn, mintaqa bo’yicha quyi qo’mita raisi, AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlarning O’zbekistondagi faoliyati haqida so’radi. Spratlenning javobi shuki, ular cheklangan. Jumladan “Freedom House” va “Human Rights Watch” singari huquq tashkilotlari chiqarib yuborilgan. AQSh Demokratik Instituti hamon o’z idorasiga ega va bu oz bo’lsa-da umid beradi, deydi Spratlen. Obama ma’muriyati bu boradagi muammolarni Karimov rahbariyati bilan muhokama qilib keladi, deydi u.
Senator Keyn O’zbekiston prezidenti atrofidagi mashmashalarga ishora qilib, hokimiyat uchun kurash avj olib, vaziyat izdan chiqishi mumkinmi, bunday xavotirga asos bormi? - deya so’radi.
Pamela Spratlen taxminlar haqida gapirishni istamadi, Karimov o’zini barqarorlik kafolati deb bilishini qayd etdi xolos.
Senator Keyn energetika masalasini ham ko’tardi va bu boradagi ahvol bilan qiziqdi.
Elchining ta’kidlashicha, O’zbekiston jahon energetika bozorida Turkmaniston, Qozog’iston yoki Ozarbayjonchalik hissaga ega emas, Yevropadagi talab haqida gap ketganida ham asosiy o’ringa qo’yilmaydi. O’zbekiston gazining katta xaridori Xitoy, deydi Spratlen, Rossiya ham yirik hamkor edi, biroq vaziyat hozir ancha o’zgargan.
Rossiya va Xitoy bilan aloqalar qanday? - deya so’radi senator Keyn.
O’zbekiston uchun suverenitet va mustaqillik bag’oyat muhim. Kim bilan qanchalik hamkorlik qilishni bu davlatning o’zi belgilashni xohlaydi, deydi Spratlen. Islom Karimov juda ehtiyotkor, pixini yorgan siyosatchi, deya ta’riflaydi diplomat. Masalan, Rossiya bosimiga bosh egishni xohlamay Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotidan chiqib ketdi. Xitoy bilan iqtisodiy rishtalar kuchaymoqda, Pekinning bu boradagi roli mustahkam, deydi u. Rossiya ham iqtisodiy jihatdan juda muhim davlat. Bizneslar bor, shunindek, u yerda ishlayotgan o’zbekistonliklar vatanga pul yuborib, iqtisodiyotga salmoqli hissa qo’shmoqda, deydi elchi.
Senatdagi tinglovda Markaziy Osiyoda suv taqsimoti dolzarb masala ekani ham ta’kidlandi.
AQSh tomonlarni hamjihatlik va murosaga undab kelmoqda, deydi diplomat. Vashington xolis pozitsiyada turishi kerak va elchi sifatida Pamela Spratlen bu nozik masalada dialogga chaqirmoqchi.