Ozodlik uyi: Dunyo bo'ylab internet senzura kuchaygan

  • Amerika Ovozi

"Ozodlik uyi" (Freedom House) tashkilotining so'nggi hisobotiga qaraganda, jahonda millionlab odamlar internetdan foydalanishga qiynalyapti.

So'z erkinligini cheklashga, senzurani kuchaytirishga, foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini qo'lga kiritishga harakat qilayotgan hukumatlar ko'p. O'zbekistonda o'tgan bir yilda internetga kirayotganlar soni birmuncha ko'paydi, ammo to'siqlar har qachongidan qattiq.

Inson huquqlari va demokratiya targ'iboti bilan shug'ullanuvchi "Ozodlik uyi" 65 mamlakatdagi ahvolni o'rganib chiqqan. Xulosa shuki, shulardan 32 tasida internetda erkinlik bo'g'ilmoqda, fuqarolarni kuzatish uchun razvedka organlariga qo'shimcha vakolatlar berilyapti.

"Hukumatlar yangi qonunlar, ko'rsatma va buyruqlar vositasida nazoratni oshiryapti", - deydi "Ozodlik uyi" xodimi Lora Rid.

Kuzatuv texnologiyalari hozir butun dunyo bo'ylab tarqalgan, deydi mutaxassis, demokratik jamiyatlarda ham, erkin bo'lmagan jamiyatlarda ham bu texnologiyalar tanqidchilar va jurnalistlarga qarshi qo'llanmoqda.

Katta o'zgarishlardan biri shuki, deydi tadqiqotchi, hukumatlar endilikda o'zlariga yoqmagan materiallarni blok qilibgina qolmay, uni global tarmoqdan olib tashlash harakatiga tushgan. Bu internet kompaniyalarga, ijtimoiy tarmoqlarga, alohida shaxslarga bosim va sud bilan qo'rqitish degani.

Senzuraning bu shakli keng quloch yozayotgani Fridom Xaus hisobotida alohida qayd etilgan.

Izlanish o'tkazilgan 65 mamlakatda internet foydalanuvchilarning 88 foizi yashaydi. 40 davlatda odamlar siyosiy va diniy ma'lumot ulashgani tufayli qamalgan. Ham avtoritar, ham erkin jamiyatlarda ma'lumotni shifrlashga salbiy qaraladi, hatto terrorizmga madad deya baholanadi.

Fridom Xausning aniqlashicha, eng ko'p blok qilinadigan materiallar - hukumatga nisbatan tanqid. Mojarolar, rasmiylarga nisbatan korrupsiya da'volari, oppozitsion saytlar va siyosiy satira ham ko'pincha senzuraga yo'liqadi.

Internetni cheklashga kelganda, Xitoy - global lider. Keyingi o'rinlarda Suriya va Eron. Xitoyda o'tgan bir yilda taxminan 200 kishi internetdagi faoliyati uchun jazolangan. Onlayn axborot vositalariga eng katta to'siqlar qo'ygan mamlakatlar qatoriga Saudiya Arabistoni, Vyetnam va Zimbabve ham kiradi.

O'zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni o'sib borayapti - hozirda aholining qariyb 44 foizi. Global tarmoqqa eng ko'p kiradiganlar Toshkent va uning atrofida yashaydi, Qoraqalpog'istonda esa aloqa eng sust.

2014-yilning sentabrida qabul qilingan qonunga ko'ra, O'zbekistonda blogerlar o'z sahifasiga qo'ygan ma'lumotning haqqoniyligi uchun boshi bilan javob beradi. Hukumatga tanqidiy qarovchi sahifalar, inson huquqlari va muxolifat faoliyatini yorituvchi saytlar to'silgan.