Suriyani parchalanishdan saqlab qolish mumkinmi?

  • Amerika Ovozi
Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlayotgan davlatlar tashqi ishlar vazirlari 12-yanvar kuni Parijda majlis qiladi. Muxolif guruhlar tarqoqligi, prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashda bir yoqadan bosh chiqara olmayotgani kun tartibidagi bosh masala.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriyani parchalanishdan saqlab qolish mumkinmi?/Shohruh Hamro


Iroq xavfsizlik kuchlari al-Qoida bilan olishayotgani Suriya mojarosi qanchalik keng tarqalganini ko’rsatadi.

Poytaxt Damashq, O’rta dengiz bo’yidagi alaviy hududlar hamda mamlakatning markaziy qismlari prezident Assadga sodiq kuchlar qo’lida. Asosan sunniylardan tarkib topgan isyonchilar bilan, shuningdek, shimolda kurdlar va janubda druzlar bilan olishuv ketmoqda.

Shu oy oxirida Jenevada o’tadigan tinchlik anjumanida muvaqqat hukumat tuzish borasida bir qarorga kelinmasa, Suriya bo’linganicha qolaveradi, deydi tahlilchi Dog Bandou.

“Ehtimol Suriya uchun eng yaxshi variant ham shudir. Sohilbo’yi alaviy hududlar amaldagi rejim nazoratida qolsin. Mamlakatning bir qismi isyonchilarga, yana bir qismi kurdlarga tegadi. Shunday qilmasa, bu urushning cheki yo’q”.

Muxolif guruhlar orasida ham ashaddiy kurash ketayotgani kuzatiladi. Ozod Suriya armiyasi va al-Qoida bilan aloqador to’dalar bir-biriga dushman. Mayda guruhlarga bo’lingan islomiy jangarilar bir-biri bilan chiqisha olmaydi. Sobiq diplomat Adam Ereli fikricha, kuchli markaziy hukumat bo’lmasa Suriyani yaxlit saqlash qiyin.

“Suriyada etnik tafovutlar jug’rofiy xarakterga ega emas. Lekin alaviylar va druzlar bundan mustasno. Kuchli markaziy tizim bo’lmasa jamiyat bo’linib ketadi”, - deydi u.

AQSh Tinchlik instituti olimi Stiv Xeydeman nazarida Suriya sobiq Yugoslaviya yo’lidan borsa ajabmas. “Agar bu jarayon to’g’ri tashkillashtirilsa, mamlakat butunlay parchalanib ketishining oldini olish mumkin”, deydi u.

Amerika universiteti professori Akbar Ahmadga ko’ra esa suriyaliklarning o’zi ularning davlati bo’linib ketishini istamaydi. “Millat birligi, milliy g’urur bilan bog’liq masala bu”, - deydi u.

Siyosiy oppozitsiya tarqoq ekan, Jenevada o’tadigan yig’indan ko’p narsa kutmaslik kerak, deydi ekspertlar.

O'tgan bir hafta ichida Halab, Idlib va Raqqa viloyatlarida isyonchilar va ekstremistlar olishib, 500 ga yaqin kishi halok bo'lgan. Inson huquqlari faollari shunday ma'lumot bermoqda. Hukumat esa 37 jangarini yo'q qilganini da'vo qilmoqda. Iroq Islomiy Davlati va Levant nomini olgan radikal harakat Suriyada ham diniy tuzum o'rnatish kerak deya, dunyoviy qarashdagi fuqarolarni nishonga olmoqda.